Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida boʻlib oʻtgan uchrashuvda DSQ raisi davlat soliq xizmati organlari tadbirkorlar, soliq toʻlovchilar bilan konstruktiv muloqotga, ularning muammolarini tinglashga doim tayyor ekanligini bildirdi.
Shu bilan birga Sh.Kudbiyev mamlakatimiz iqtisodiy barqarorligini taʼminlash va aholi turmush farovonligini oshirish yoʻlida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, xususan, “shubhali” korxonalar faoliyatga chek qoʻyishda ortga yoʻl yoʻqligini va bu boradagi ishlar jadal davom ettirilishini qatʼiy taʼkidlab oʻtdi.

Buning uchun davlat soliq xizmati organlari maʼlumotlar bazasi, serverlari quvvatini muntazam ravishda oshirib boriladi, sohaga biznes jarayonlarni inson omili aralashuvisiz avtomatik tahlil qilish va soliq qonunchiligi buzilishining yuqori risklari, shubhali moliyaviy operatsiyalarni aniqlab berish imkonini beruvchi zamonaviy texnologiyalardan keng foydalaniladi.
Mutaxasssislar tomonidan olib borilgan keyingi tahlillar natijasida shubhali tadbirkorlik subyektlari soni bundan ham koʻp ekanligi aniqlandi. Tahlika-tahlil (risk-analiz) dasturi orqali oʻtkazilgan tahlillar natijalariga koʻra, dastlabki aniqlangan 396 ta shubhali korxona qatoriga yana 129 ta korxona qoʻshilib, ular soni 525 taga yetdi.

Shuningdek, qoʻmita raisi “obnalchilar” – halol ishlaydigan tadbirkorning birinchi va yagona dushman ekanligi, ular nosogʻlom raqobat muhitini vujudga keltirib, boshqa insofli soliq toʻlovchilar biznesiga putur yetkazayotganligiini, bunday noqonuniy harakatlar boʻyicha toʻplangan materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilganligini alohida eʼtirof etdi.
DSQ raisi har bir tadbirkorning arzini birma-bir tingladi. Ularning muammolariga asosli yechimlar taklif etdi. Jumladan, QQS summasini noqonuniy hisobga olish natijasida soliq qarzdorligi vujudga kelgan tadbirkorlarga Soliq kodeksi normalari asosida ularni boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berdi. Bunda tadbirkorlik subyekti vakillari davlat soliq organlariga ariza bilan murojaat qilishlari lozim boʻladi.

Davlat soliq xizmati organlari va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida ochiq muloqot maydoni yaratish, yaʼni telegram ijtimoiy tarmogʻida “Soliqchi va tadbirkor” guruhini tashkil etish vazifasini topshirdi. Ushbu guruhda oʻrtaga tashlangan har bir asosli taklif, murojaat va eʼtiroz mutaxassislar tomonidan muhokama qilinib, ijobiy yechimlar taklif etib borishga kelishib olindi.
Tadbirkorlar ham, bir qator takliflar bildirdi. Xususan, insofsiz soliq toʻlovchilarni aniqlash boʻyicha xizmatlar koʻlamini kengaytirish taklif etildi. Davlat soliq xizmati organlarining shaffof faoliyat yuritishidan manfaatdor ekanliklarini va bunday harakatlarni faol qoʻllab-quvvatlashlarini bildirdi.
– Bu kabi uchrashuvlar tez-tez tashkil etilsa, bundan davlat soliq xizmati organlariga ham, tadbirkorlarga ham har tomonlama foyda boʻladi, – deydi tadbirkor Umidjon Yunusov. – Biz insofsiz tadbirkorlik subyektlarini aniqlash tizimini yana-da takomillashtirilishi tarafdorimiz. Mazkur tizim ertami, kechmi joriy etlishi lozim edi. Tan olishimiz kerak bu dastlab biroz qiyinchiliklar tugʻdirishi mumkin. Ammo mazkur tizim halol va qonuniy tadbirkorlik muhitini yaratishda, yashirin iqtisodiyotning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Maʼlumot uchun, hozirgacha, 10 mingga yaqin korxona byudjetga toʻlanadigan soliq summalarini kamaytirgan shubhali tadbirkorlik subyektlari bilan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirib, qariyb 1 trillion soʻm miqdoridagi qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini hisob (zachet)ga olgan holda byudjetga toʻlamagaligi aniqlandi.
DSQ Matbuot xizmati