– Axborot texnologiyalari yoʻnalishida ishlash niyatidagi yoshlar koʻpligi quvonarli, – dedi AKT vaziri Shuhrat Sodiqov filial yoshlari bilan muloqot davomida. – Albatta, sizlarning bugun boshlagan loyihalaringiz ertaga katta iqtisodiy samaralar olib kelishi aniq. Hozir biz sizlar uchun qulay sharoitlar, faoliyatingizni toʻliq yoʻlga qoʻyish uchun imtiyozlar yaratib berishimiz shart. Shuning uchun aslo intilishdan, harakatdan toʻxtamanglar deb alohida taʼkidladi.

IT-Park Samarqand hududiy filiali ham yoshlarni mazkur sohaga qiziqtirish, tadbirkorlik subyektlariga bir qator imtiyozlarni bergan holda, ularning samarali faoliyat olib borishlari uchun shart-sharoit va imkoniyat yaratib berish orqali sohada dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportini yoʻlga qoʻyish, yangi loyihalar va startaplarni hayotga tatbiq etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirishda bevosita ishtirok etish, viloyatning jami xizmatlar hajmida AKTning ulushini sezilarli oshirish maqsadida ish yuritmoqda.

Oʻtgan yilning dekabr oyida Samarqand shahrida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-Park)ning hududiy filiali zamonaviy infratuzilmaga ega binoda oʻz faoliyatini boshlagan edi. Bu yerda axborot texnologiyalari sohasida istiqbolli startap-loyihalarni amalga oshirish, ularni ichki va tashqi bozorlarga chiqarish, yosh dasturchilar tayyorlash, sohada yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida IT-Parkning Samarqand filiali faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Bino ikki qavatli boʻlib, obyektning umumiy yer maydoni qariyb 1 gektarga yaqin, maydoni 1 118 kvadrat/metrni tashkil etadi. Bu yerda 200dan ortiq mutaxassislar ishlashi mumkin. Samarqand IT-Parkida kovorking, rezidentlar va startapchilar uchun ofis joylari, zamonaviy oʻquv xonalari, robototexnika, kibersport, muzokara va uchrashuvlar xonalari, konferens zal, intervyu zona, kafe va boshqa yordamchi xonalar eng soʻnggi uslubdagi dizayn hamda zamon talablari asosida tashkil etilgan, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.