Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar mahallalarida istiqomat qilayotgan “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi yoshlar hamda “Temir daftar” va “Ayollar daftari”dan o‘rin olgan oilalar farzandlari ishtirok etdi.

17 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan 140 nafar uyushmagan yoshlardan tashkil topgan 14 ta jamoa uchta blokdan iborat sinovlardan o‘tkazildi.

“Harbiy-vatanparvarlik bloki”da jamoa a’zolari O‘zbekiston harbiy tarixiga doir bilimlarini namoyon etdilar. Shuningdek, jamoalarning fotoalbomlari va vimpellari, “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” mavzusidagi prezentatsiyalari hamda harbiy-vatanparvarlik varaqalari ko‘rikdan o‘tkazildi.

“Harbiy-amaliy ko‘pkurash bloki”da jamoalar pnevmatik quroldan o‘q otish, o‘quv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta bo‘yicha bellashdilar. Harbiylashtirilgan estafeta doirasida yoshlar “AK-74” avtomatini noto‘liq qismlarga ajratish va to‘liq yig‘ish hamda gazga qarshi niqobni kiyib, belgilangan masofaga yugurish shartlarini bajardilar.

“Sport bloki”da jamoalar duatlon, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish bo‘yicha o‘zaro musobaqalashdilar.

“Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari davomida yoshlarning musobaqa shartlarini bajarishlarida g‘alabaga kuchli intilishi, harbiylikka bo‘lgan qiziqishi, g‘ayrat-u shijoati yaqqol bilinib turdi.

Do‘stona ruhda, shu bilan birga shiddatli va murosasiz kechgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining Respublika bosqichida Xorazm viloyati jamoasining qo‘li baland kelib, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining kubogini o‘zida saqlab qoldi. O‘tgan yili o‘tkazilgan o‘yinlarda ham ushbu jamoa g‘alaba qozongan edi.

2-o‘rin Navoiy viloyati, 3-o‘rin esa Samarqand viloyati jamoalariga nasib etdi.

Yakunda g‘oliblik va faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalar a’zolari “Vatanparvar” tashkiloti va Yoshlar ishlari agentligi rahbariyati tomonidan diplomlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Eng e’tiborli jihati, mazkur o‘yinlar doirasida o‘tkazilgan musobaqalarda yuqori natijalarni ko‘rsatgan 11 nafar yigit va qizlar sport razryadlariga ega bo‘ldilar.

Ta’kidlash joizki, respublika miqyosida o‘tkazib kelinayotgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlari “Vatanparvar” tashkilotining “Vatanparvarlik – oliy maqsadim!” konseptual harbiy-vatanparvarlik g‘oyasi ostida yoshlarni birlashtirishga mustahkam zamin yaratdi.

“Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarini o‘tkazishdan asosiy maqsad yoshlarni harbiy-vatanparvarlik va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, chaqiriq yoshidagi o‘smirlarni Qurolli Kuchlar saflarida xizmat qilishga tayyorlab borish hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilda respublika bo‘ylab start olgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining hududiy bosqich musobaqalari iyun oyi boshida yakuniga yetgan edi.

 

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi
“Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati