Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar mahallalarida istiqomat qilayotgan “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turuvchi yoshlar hamda “Temir daftar” va “Ayollar daftari”dan oʻrin olgan oilalar farzandlari qatnashdi. Jumladan, 17 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan 140 nafar uyushmagan yoshlardan tashkil topgan 14 jamoa sinovdan oʻtkazildi. “Harbiy-vatanparvarlik bloki” da jamoa aʼzolari Oʻzbekiston harbiy tarixiga doir bilimlarini namoyish qildi.  

Ishtirokchilar, jamoalarning fotoalbomlari va vimpellari, “Men, nechun sevaman Oʻzbekistonni?” mavzusidagi taqdimot hamda harbiy-vatanparvarlik varaqalari koʻrikdan oʻtkazildi. “Harbiy-amaliy koʻpkurash bloki”da jamoalar pnevmatik quroldan oʻq otish, oʻquv granatasini uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta boʻyicha bellashdi. Harbiylashtirilgan estafeta doirasida yoshlar “AK-74” avtomatini notoʻliq qismlarga ajratish va toʻliq yigʻish hamda gazga qarshi niqobni kiyib, belgilangan masofaga yugurish shartlarini bajardi.  

Sport oʻyinlar davomida yoshlarning musobaqa shartlarini bajarishlarida gʻalabaga kuchli intilishi, harbiylikka boʻlgan qiziqishi sezilib turdi. Murosasiz kechgan qizgʻin turnir yakunida Xorazm viloyati jamoasining qoʻli baland kelib, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining kubogini oʻzida saqlab qoldi.  

Ikkinchi oʻrin Navoiy viloyati, uchinchi oʻrin esa Samarqand viloyati jamoalariga nasib etdi. Yakunda gʻoliblik va faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan jamoalar aʼzolari diplomlar va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.  

Shuningdek, oʻyinlarda yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan 11 nafar yigit va qizlar sport razryadlariga ega boʻldi.  

Gulichehra DURDIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri