Tadbir Oʻzbekiston Respublikasining Shvetsiya Qirolligidagi elchixonasi va Oʻzbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Shvetsiya akademik, ishbilarmon va turizm doiralari hamda diplomatik korpus vakillari qatnashdi.
Tadbir doirasida Oʻzbekistonning turizm salohiyatiga bagʻishlangan taqdimot tashkil etildi. Ushbu sohada soʻnggi yillarda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, erishilgan yutuqlar va kelgusi rejalar, jumladan, Shvetsiya va uning atrofidagi boshqa Skandinaviya mintaqasi davlatlaridan turizm oqimini koʻpaytirish istiqbollari batafsil yoritildi. “Samarqand – Yangi Oʻzbekistonning turizm darvozasi” mavzusi hamda uning turizmni rivojlantirishdagi beqiyos oʻrniga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Shuningdek, qator mahalliy turoperatorlar va soha targʻibotiga ixtisoslashgan kompaniyalar vakillari bilan “B2G” va “B2B” muzokaralari oʻtkazildi va turizmni rivojlantirishning turli yoʻnalishlarida oʻzaro hamkorlik munosabatlarini oʻrnatish borasida tegishli kelishuvlarga erishildi.
Tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilarga milliy kuy va raqslardan iborat konsert dasturi, mamlakatimiz boy madaniy merosi, amaliy sanʼat va hunarmandchilik namunalari hamda gastronomik salohiyatini namoyon qiladigan koʻrgazma taqdim etildi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.