Sotsiologlar Rossiyada katta aholi defoltini bashorat qilayotgan bir paytda, Shveysariyada aholi o‘sishini to‘xtatish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda (Aholi, jismoniy shaxslar defolti, bu — fuqarolarning olgan kreditlari yoki boshqa moliyaviy majburiyatlarini o‘z vaqtida to‘lay olmaslik holati, ya’ni sodda qilib aytganda, qarz botqog‘iga botish va bankrotlikka uchrashi –tahririyat). Hatto falokat boshlanadigan ko‘rsatkichni ham aytishdi – 10 million kishi. Ya’ni aholi soni shundan oshib boshlangach hamma sohada tanazzul boshlanadi deyishmoqda.

Shunday qilib, o‘ng qanot Shveysriya Xalq partiyasi 2050-yilgacha mamlakat aholisining 10 milliondan oshishini qonuniy ravishda taqiqlashni talab qilmoqda. Bu nima uchun kerak? Misol uchun, 1990-yildan beri Shveysariyaning Knonau qishlog‘i iqtisodiy yuksalish tufayli ikki baravardan ko‘proq o‘sdi. Endi mahalliy aholi maktablar, yo‘llar va uy-joylar hammaga yetmasligidan xavotirda.

“10 million – bu falokat, – dedi Reuters agentligiga bergan intervyusida 63 yoshli sobiq sotuvchi Erika Xermann. – Shveysariya uchun bu juda ko‘p.

Jurnalistlar suhbatlashgan mahalliy aholi Knonau butunlay qurilishga aylanib qolganidan, kommunal xizmatlar esa odamlar oqimiga zo‘rg‘a dosh berayotganidan shikoyat qilayapti. Tanlovni allaqachon qilganlarning aksariyati aholi sonini cheklashni yoqlab ovoz berishni xohlaydi. Lekin, buning iqtisodiy oqibatlari salbiy bo‘lishidan xavotirda bo‘lganlar ham bor.

Ammo Shveysariya aholisi allaqachon 9 milliondan oshdi va bunday sur’atlarda “limit” 2050 yilgacha tugaydi. Endi bu mamlakat aholisi, qandaydir dahshatli antiutopiyadagi kabi, o‘z populyatsiyasini cheklash uchun ovoz beradi. Agar kerakli miqdordagi ovozlar to‘plansa, mamlakat Yevropa Ittifoqi bilan harakatlanish erkinligi to‘g‘risidagi kelishuvni bekor qilish niyatida, bu esa mamlakatning asosiy iqtisodiy hamkori (Yevropa Ittifoqi) bilan savdo munosabatlarini butunlay buzishi mumkin. Tanqidchilar bo‘lajak referendumni Breksit bilan solishtirmoqda, chunki aynan chet elliklarning erkin kela olishi Shveysariyaga yagona Yevropa bozoriga kirish imkonini beradi.

Aytgancha, hukumat o‘ng partiya taklif etayotgan choralarga qarshi chiqayotir. Buning o‘rniga amaldorlar xorijliklarga mahalliy ko‘chmas mulk sotib olishni qiyinlashtirishni taklif qilishdi.

Biznes hamjamiyati ham bong urmoqda. Cheklovlar mamlakatni ishchi kuchi oqimidan mahrum qiladi, vaholanki, hozirda Shveysariya aholisining har to‘rtinchisi chet ellik. Bu immigrantlarning katta qismi (82% dan ortig‘i) Yevropadan, asosan Italiya, Germaniya, Portugaliya va Fransiyadan kelgan.

Bu mamlakatning iqtisodiy farovonligi esa ochiq jahon bozorlariga bevosita bog‘liq. Yuqori maoshlar va turmush darajasi unga yillar davomida butun dunyodan eng yaxshi mutaxassislarni o‘ziga jalb qilish imkonini berdi.

O‘sha Knonau qishlog‘i ko‘rsatkichlari muammoning ko‘lamini yaqqol ko‘rsatadi. Qishloq aholisining o‘sishi 1990-yildan beri deyarli 150% ni tashkil etdi (hozir u yerda 2514 kishi yashaydi). Taqqoslash uchun, umuman Shveysariyada bu ko‘rsatkich 36 foizga, Yevropa Ittifoqida esa atigi 8 foizga oshgan.

Vaziyat faqat yomonlashmoqda, – deydi 77 yoshli Peter Surxer. – Immigratsiya zarur, ammo hozir sodir bo‘layotgan voqealar haddan oshib ketgan.

Mintaqaga bo‘lgan bunday katta qiziqishni qo‘shni Sug – ma’muriy-hududiy birlikka yaqinligi bilan izohlashadi. Bu yerda kompaniyalarning foyda solig‘i Yevropadagi eng yirik davlatlariga qaraganda ancha, Shveysariyadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2,7 foizga past. Oddiy fuqarolar uchun daromad solig‘i ham minimal darajada, deb xabar berdi vokrugsveta.ru.

So‘nggi o‘ttiz yil ichida Sug iqtisodiyoti mamlakatning boshqa hududlariga qaraganda tezroq ko‘tarildi, ko‘chmas mulk narxlari ham oshib ketdi. Wüest Partner tahlilchilariga ko‘ra, Sugdagi uy-joy hozirda Jenevadagiga qaraganda qimmatroq. Knight Frank'ning 2026-yilgi hisobotiga ko‘ra, Jenevadagi elita kvadrat metrlar narxi Singapur va London, Nyu-York, Tokio va Parijdan ham yuqori.

Agar siz bu yerdan 20 yil avval uy sotib olgan bo‘lsangiz omadingiz kelgan deb hisoblayvering, deb hisoblaydi mutaxassislar.