Biroq, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan maʼlumotlarda sud qarorining barcha tafsilotlari oshkor etilmagan, bu esa ushbu ish boʻyicha ishonchli maʼlumotlarni keng jamoatchilikka obyektiv yetkazishga toʻsqinlik qilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 2012-yilda Shveysariya Federal prokuraturasi Gulnora Karimova va unga aloqador shaxslarga nisbatan jinoiy mablagʻlarni legallashtirish va qalbakilashtirish boʻyicha keng koʻlamli tergov boshlagan edi. Gap Oʻzbekiston bozoriga kirish va toʻsiqsiz ishlash evaziga xorijiy telekommunikatsiya kompaniyalaridan noqonuniy yoʻl bilan olingan yirik mablagʻlarni legallashtirish haqida ketmoqda.
Shveysariya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan olib borilgan jinoiy tergov ishlari doirasida Shveysariya Federal prokuraturasi tomonidan ushbu davlat banklarida joylashgan “Takilant Ltd.» Kompaniyasiga tegishli 350 mln. AQSH dollaridan ortiq mablagʻlar musodara qilingan.
Joriy yilning 22-dekabrida eʼlon qilingan bayonotida Shveysariya sudi G.Karimova va uning sheriklarini noqonuniy mablagʻlarni ogʻirlashtiruvchi holatlarda legallashtirishda aybdor deb tan olgani va shu sabab 293 mln dollaridan ortiq mablagʻ musodara qilingani haqida xabar berdi.
Bu Shveysariya huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun muhim gʻalaba hisoblanadi, chunki u mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasiga qaytarish boʻyicha keyingi muzokaralar uchun imkoniyat ochadi.
Shu bilan birga, sud qaroriga koʻra 70 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar protsessual xarajatlar chiqarib tashlanganidan soʻng “Takilant Ltd.» Kompaniyasiga qaytarilishi mumkin. Ayrim OAV sud qarorining ushbu qismini notoʻgʻri talqin qilgan holda asossiz maʼlumotlar tarqatishmoqda.
Taʼkidlash joizki, Shveysariya federal jinoyat sudining 2021-yil 17-dekabrdagi qarori hali yakuniy qaror emas. Xususan, Shveysariya huquqni muhofaza qiluvchi organlari sudning ushbu qarori ustidan shikoyat qilish huquqiga ega.
Bundan tashqari, ushbu mablagʻlarga nisbatan Amerika Qoʻshma Shtatlarning vakolatli organlari tomonidan ularni hibsga olish toʻgʻrisida daʼvo va order ham mavjud, bu esa Shveysariya sudining koʻrsatilgan qarori kuchga kirgan taqdirda ham ushbu mablagʻlarni kompaniyaga qaytarish imkonini bermaydi.
Ayni paytda Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari Shveysariya va AQSH rasmiylari bilan G. Karimova va uning sheriklarining jinoiy faoliyat natijasida orttirilgan aktivlarini qaytarish boʻyicha faol ish olib bormoqda. Chunki ushbu jinoyatlardan Oʻzbekiston davlati va xalqi ham jabr koʻrgan.
Adliya vazirligi
Matbuot xizmati