Adliya vazirligida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim fuqarolari tomonidan jinoiy yoʻl bilan orttirilgan va xorijiy davlatlarga olib chiqib ketilgan aktivlarni qaytarish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan brifing boʻlib oʻtdi.
Unda joriy yilning 16-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi oʻrtasida imzolangan ilgari G.Karimovaga tegishli boʻlgan aktivlarni qaytarishga qaratilgan restitutsiyaga oid bitim boʻyicha axborot berildi.
Taʼkidlanganidek, Gulnora Karimova va uning boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh aʼzolarining aktivlarini musodara qilish boʻyicha ishlar Shveysariya sud organlariga oshirilgan. Undirilishi lozim boʻlgan jami summa davom etayotgan jinoiy ish jarayoniga bogʻliq boʻlib, taqriban 686 million AQSH dollarga teng.
Bu ishlar Shveysariya sudlarida koʻrib chiqilib, taqriban 336 million AQSH dollari uzil-kesil musodara qilingan. Shundan 131 mln AQSH dollari Oʻzbekistonga qaytishi hal boʻldi, 205 mln AQSH dollari boʻyicha esa muzokaralar yakuniga yetmoqda. Hozirgi kunda qoʻshimcha taqriban 350 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni musodara qilish masalasi Shveysariya sudlarida koʻrib chiqilmoqda.
Joriy yilning 16-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi oʻrtasida “Shveysariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni Oʻzbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yoʻllari toʻgʻrisida”gi bitim imzolandi.
Ushbu bitimning tuzilishiga 2 yil davomida Oʻzbekiston Respublikasining Adliya vazirligi va vakolatli idoralari hamda Shveysariyaning Tashqi ishlar vazirligi va manfaatdor vazirliklari bilan BMT ishtirokidagi samarali hamkorlik, shuningdek, puxta amalga oshirilgan ishlar va bir necha davralardan iborat muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Mazkur bitim noqonuniy orttirilgan taqriban 131 mln AQSH dollariga teng aktivlarni Oʻzbekistonga qaytarishni, qaytarishning asosiy prinsiplari, mexanizm va maqsadlarini belgilaydi. Xususan, mablagʻlarni qaytarish Birlashgan millatlar Tashkilotining “Uzbekistan Vision 2030 Fondi” deb nomlangan koʻp sheriklik trast jamgʻarmasi orqali amalga oshiriladi.
Qaytarilayotgan mablagʻlar pirovardida ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilishi, asosan sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalarini rivojlantirishga ishlatilishi rejalashtirilmoqda.