Uchrashuvda dual tizimida Oʻzbekistondan oʻrta boʻgʻin tibbiyot mutaxassislarini Germaniya tibbiyot muassasalariga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, mehmonlarga Oʻzbekistonning mehnat bozoridagi mavjud vaziyat, tashqi mehnat migratsiyasi sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berildi.

Janob U.Lyustenberger “GLOBOGATE Recruiting GmbH” kompaniyasi loyihalari va dasturlarini amalga oshirishda Oʻzbekiston muhim mamlakatlardan biri ekanligini taʼkidladi.

Uchrashuv soʻnggida “GLOBOGATE Recruiting GmbH” kompaniyasi bilan hamkorlik toʻgʻrisida bitim loyihasini tayyorlash va ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishga kelishib olindi.

Maʼlumot oʻrnida, “GLOBOGATE Recruiting GmbH” kompaniyasi 2016-yilda Germaniyaning sogʻliqni saqlash muassasalariga uchinchi davlatlardan tibbiy xodimlarni jalb qilish jarayonini ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida Shveysariyaning Sug shahrida tashkil etilgan.

Kompaniya oʻz mutaxassislarini GGR tarmogʻi (mahalliy agentliklar, til maktablari) orqali hamshiralarni doimiy jalb qilish uchun barqaror va innovatsion manbalarni ishlab chiqadi va taqdim etadi. Shuningdek, ishga qabul qilish jarayonini raqamli boshqaruv vositalari bilan birga olib boradi va nazorat qiladi. Ayni paytda kompaniya 300 dan ortiq nemis shifoxonalariga xizmat koʻrsatmoqda.

Shu kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va “Skinest Group” va “Dzintars” kompaniyalari vakillari oʻrtasida ham uchrashuv oʻtkazildi.

Uchrashuvda “Skinest Group” va “Dzintars” kompaniyalarida tashkillashtirilgan holda Oʻzbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.