“SIBUR Xolding” kompaniyasi delegatsiyasi Qashqadaryo viloyatidagi GTL zavodiga tashrif buyurdi

    Energetika 20 Oktabr 2021 735

    Joriy yil 20-oktyabrda Energetika vaziri Alisher Sultanov va “Oʻzbekneftgaz” AJ rahbariyati hamrohligida “SIBUR Xolding” OAJ boshqaruv Kengashi raisi Dmitriy Konov boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari Qashqadaryo viloyatidagi GTL sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish zavodiga tashrif buyurdi.

    Tashrif “SIBUR Xolding” OAJ delegatsiyasining Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi doirasida tashkil etildi.

    Tashrif chogʻida delegatsiya hududda amalga oshirilayotgan eng yirik investitsiya loyihalar, shuningdek GTL zavodida ishga tushirishdan oldingi va ishga tushirish jarayonlari holati bilan tanishdi.

    Delegatsiya aʼzolariga zavodning markaziy boshqaruv pulti va laboratoriyasi taqdim etildi. Taʼkidlash kerakki, zavodning ushbu ikki muhim obyekti bugungi kunda MDH davlatlarida eng zamonaviy va innovatsion hisoblanadi. Bundan tashqari, delegatsiya aʼzolari GTL zavodining texnologik qurilmalari va ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar.

    “SIBUR Xolding” OAJ – Rossiyadagi eng yirik neft-kimyo kompaniyasi va jahon neft-kimyo sanoatida eng jadal rivojlanayotgan kompaniyalardan biri hisoblanadi. 2020-yilda SIBUR kompaniyasining daromadi 7,2 milliard dollarni tashkil etdi. Oʻtgan 10 yil mobaynida SIBUR bir qator yirik investitsiya loyihalarni amalga oshirdi.

    “SIBUR Xolding” OAJ delegatsiyasi Oʻzbekistonda uglevodorod xom ashyosini chuqur qayta ishlash sohasida amalga oshirilayotgan tarkibiy oʻzgarishlar va neft kimyosining rivojlanish surʼatlariga qiziqish bildirdi.

    Bugungi kunga kelib, zavodda sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish boʻyicha asosiy qurilish-montaj ishlari bajarilgan boʻlib, ishga tushirishdan oldingi va ishga tushirish ishlari jadal surʼatlar bilan olib borilyapti. Qiymati 3,4 milliard dollardan ortiq boʻlgan ushbu eng yirik investitsiya loyihani amalga oshirish ishlari 97 foizga bajarildi.

    GTL zavodi ishga tushishi bilan yuqori xalqaro standartlarga javob beradigan 1,5 million tonnadan ziyod yuqori sifatli, ekologik toza dizel, kerosin, nafta va suyultirilgan gaz mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.