Qoʻshtirnoq orasidagi soxta tadbirkorlar tomonidan yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlarga qaramay bojxona nazoratidan yashirgan holda noqonuniy ravishda tovarlarni olib kirish holatlari hanuzgacha uchrab turibdi.

Jumladan, Navoiy xalqaro aeroportiga xorijiy aviareys bilan yuborilgan kuryerlik joʻnatmalari bojxona xodimlari tomonidan xolislar ishtirokida bojxona koʻrigidan oʻtkazildi.

Natijada bojxona nazoratidan yashirilgan va hujjatlarda koʻrsatilmagan hamda sifatini kafolatlovchi hech qanday hujjatlari boʻlmagan, umumiy qiymati qariyb 100 million soʻm boʻlgan sunʼiy tishlar, tish plombalari va tish ildizi kanalini plombalovchi vositalar kabi bir qator tibbiy vositalar borligi aniqlandi.

Yana bir holatda, kuryerlik joʻnatmalari koʻzdan kechirilganda, tegishli hujjatlari boʻlmagan va sifati kafolatlanmagan umumiy qiymati 70 million soʻmlik boʻlgan tibbiyot buyumlari borligi aniqlandi.

Shuningdek, navbatdagi holatda ham kuryerlik joʻnatmalari oʻrnatilgan tartibda koʻzdan kechirildi. Natijada, joʻnatmalarda bojxona nazoratidan yashirilgan umumiy qiymati qariyb 66 million soʻmlik sifati kafolatlanmagan tibbiyot buyumlari borligi aniqlandi.