Tadbirda Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitalari aʼzolari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, qoʻmita ekspert guruhi aʼzolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda Taraqqiyot strategiyasining yettita ustuvor yoʻnalishidan biri etib – adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish belgilangan. Bunda oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 50 foizga yetkazish va taʼlim sifatini oshirish ustuvor maqsadlardan biri sifatida koʻzda tutilgan.
Ishtirokchilar Oʻzbekistonda taʼlim sifatini oshirish, xususan, oliy taʼlimning oʻziga xos muammolari va istiqboldagi vazifalar, taʼlim sifatini nazorat qilish tizimida baholashning holati, respublika adolatli va shaffof baholashlar holati kabi masalalarga toʻxtalib oʻtdi.
Soʻnggi yillarda oliy taʼlim tizimida asosiy eʼtibor talaba-yoshlarimizning taʼlim olishi uchun keng imkoniyat va zarur sharoit yaratishga qaratildi. Natijada, oʻtgan 7 yil mobaynida oliy oʻquv yurtlari soni 77 tadan 210 taga yetdi, ularga qabul 3,5 baravarga ortdi. Yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 39 foizga oshirildi.
Taʼkidlanganidek, yoshlarga sifatli taʼlim berish va taʼlim sifatini nazorat qilish, xotin-qizlarni oliy taʼlim va kasb-hunar egallashlari uchun yanada koʻproq sharoitlar yaratish yoʻnalishida ijobiy ishlar amalga oshirilyapti. Shu bilan birga, bugungi kunda yoshlarni taʼlimga jalb etish qamrovi oshirilgani bilan bir qatorda, sifatli taʼlim berish tizimini takomillashtirish boʻyicha kuzatilayotgan ayrim muammolar oʻz yechimini kutyapti.
Xususan, pedagogika sohasidagi oliy taʼlim muassasalari oʻrganilganda pedagogik kadrlar tayyorlash boʻyicha talabalarning mutaxassislik fanlaridan bilim, koʻnikma va malakalari davlat taʼlim standartlariga mos boʻlishi uchun ularda pedagogik kompetentlikni rivojlantiruvchi amaliy fanlar yetishmasligi maʼlum boʻldi.
Professor-oʻqituvchilarning kasbiy va amaliy koʻnikmalarini oshirib borishning zamonaviy usullarini joriy etishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilyapti. Professor-oʻqituvchilarining kasbiy bilim va kompetensiyalarini xalqaro standartlar asosida attestatsiyadan oʻtkazish yoʻlga qoʻyilmagan.
Muhokama mobaynida davra suhbati ishtirokchilari tomonidan ilgʻor xorijiy tajribani qoʻllab, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalangan holda mamlakatda yoshlarga taʼlim berish hamda taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflar berildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.