Soha serdaromad boʻlishi bilan birga nozik tomonlari ham mavjud. Parrandalarni boqish, goʻshti va tuxumini aholiga yetkazib berishda qator talablar mavjudki, ularga amal qilish bozorga kirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Saxovat yirik parrandachilik korxonasida Davlat veterinariya qoʻmitasi hamda «Parrandasanoat» uyushmasi bilan hamkorlikda press-tur tashkil etildi. Yurtimiz bozorlarni sifatli goʻsht mahsuloti bilan taʼminlab kelayotgan korxonada “Daladan peshtaxtagacha” yopiq sikli joriy qilingan boʻlib, ozuqa yetishtirish, tovuqlarni boqish, nimtalash, qadoqlash va sotish nuqtasigacha yetkazib berish yoʻlga qoʻyilgan. Albatta, bu barcha bosqichlarda yuqori sifatni taʼminlash imkonini beradi.
Korxonada joʻjalar pribiotik va oʻstirish garmonlarisiz, tabiiy don bilan boqilmoqda. Koʻplab xaridorlarning ishonchini qozongan “Saxovat” oʻtgan yili 144 milliard soʻm daromad koʻrgan. Import oʻrnini bosuvchi, eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ichki bozorni goʻsht va tuxum mahsulotlari bilan taʼminlash barobarida Qozogʻiston, Tojikiston, Afgʻoniston davlatlariga ham eksport qiladi.
Taʼkidlash joiz, zotdor parrandalarni koʻpaytirish, parvarish qilish va oziqlantirish boʻyicha ilgʻor texnologiyalarning amaliyotga joriy etilayotgani parrandachilik korxonalarida yuqori ishlab chiqarish koʻrsatkichlariga erishish va ularning barqaror faoliyat yuritishini taʼminlash imkonini bermoqda.
— Sohaga davlat tomonidan katta eʼtibor berilmoqda. Joriy yilda tarmoq yangi imtiyozlar va subsidiyalar oldi. QQS toʻlovchilar sotilgan har bir tuxum uchun davlat byudjetidan 50 soʻm va sotilgan har bir kilogramm goʻsht uchun ming soʻm oladilar. Shuningdek, kreditlar boʻyicha ham foizlarning bir qismi qoplanmoqda. — deydi Davlat veterinariya qoʻmitasining birinchi oʻrinbosari Bahodir Isayev
Press-tur davomida ekspertlar korxona mahsulotlarining xavfsiz va foydali ekani xususida fikr bildirishdi. Jumladan, bu yerda boqilayotgan «Ross 308» zotli joʻjalar oʻstirish garmonlarisiz tabiiy yoʻl bilan vazn orttiradi. Demak goʻshtning ekologik sofligi saqlab qolinadi. Shuningdek, sanitariya jihatidan ham xavfsiz muhit yaratilgan boʻlib, doimiy ravishda veterinariya koʻriklari oʻtkazilib, joʻjalar kasalliklarga qarshi emlanadi. Mahsulotlar korxona laboratoriyasida tekshiruvdan oʻtqazilib, biologik xavfsizlikni mustaqil baholash uchun namunalar davlatimiz, qolaversa, Rossiya, Yevropa mamlakatlarining akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalariga yuboriladi. Bir soʻz bilan aytganda, korxona faoliyatida sifat va baraka uygʻundir.
Feruza JOʻRAYEVA