Qayd etilishicha, isteʼmolchi oʻz xonadonining tom qismini yopish maqsadida Kasbi tumanida joylashgan “Tilak Oston” xususiy korxonasiga qarashli qurilish mollari savdo doʻkonidan jami 180 dona shiferni 8 million 100 ming soʻmga sotib olgan. Uyning tom qismi shifer bilan yopilganiga koʻp boʻlmasdan, sifatsizligi sabab shiferlarda yoriqlar hosil boʻla boshlaydi.

Bir necha hafta ichida shiferlarning hammasi yaroqsiz holga kelib qoladi. E.Saidovning oʻziga yetkazilgan zararni qoplashni soʻrab tadbirkorga qilgan murojaati esa eʼtiborsiz qoldiriladi. Murojaat oʻrganilishi natijasida tomga yopilgan shiferlar haqiqatan ham oʻta sifatsizligi, toʻliq yaroqsiz holga kelib qolgani aniqlandi.

Sotuvchiga isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilishga oid qonunchilik talablari tushuntirildi va sifatsiz shiferlar sifatlisiga almashtirib berilishi taʼminlandi.

Yana bir murojaat Namangan viloyati Davlatobod tumanida yashovchi F.Toʻraboyevadan kelgan. Qayd etilishicha, isteʼmolchi 2021yil iyul oyida Namangan shahrida joylashgan doʻkonlarning biridan 12 oyga boʻlib toʻlash sharti bilan stol-stul sotib olgan. Mebel uyga olib kelib berilganida 5 dona stul yaroqsizsizligi maʼlum boʻlgan.

Fuqaro shu kunning oʻzida sifatlisiga almashtirish maqsadida stullarni doʻkonga qaytarib yuboradi. Oradan 4 oy vaqt oʻtgan boʻlsa-da, mahsulot isteʼmolchiga qayta yetkazib berilmagan. Isteʼmolchi tadbirkorga qayta-qayta murojaat qilavergach, joriy yilning 10-yanvar kuni doʻkon xodimlari isteʼmolchi bilan bogʻlanib, qisqa muddatda barcha mahsulot qaytadan taʼmirlab berilishini aytib, qolgan stullarni ham olib ketadi.

Lekin mahsulotlar isteʼmolchiga oʻz vaqtida qaytarib berilmaydi. Murojaat oʻrganilishi natijasida mahsulot uchun toʻlangan jami 2 950 000 soʻm pul isteʼmolchiga qaytarilishiga erishildi.