Bir necha oy davomida Nukus, Samarqand, Buxoro, Toshkent va Qo‘qon shaharlarI yirik xalqaro musobaqalarga mezbonlik qilib, ommaviy sport va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish markaziga aylandi.

Loyiha bugungi kunda oddiy ommaviy yugurish musobaqalaridan ancha kengayib, mamlakatdagi eng yirik sport harakatlaridan biriga aylangan. U jismoniy faollikni ommalashtirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom jamiyatni shakllantirishga qaratilgan davlat siyosatida muhim o‘rin tutmoqda.

Bahorgi mavsumning muhim voqealaridan biri 17 may kuni poytaxtda o‘tkazilgan Silk Road Tashkent va Talaba Yugur ommaviy sport festivallari bo‘ldi. Ularda 5 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi.

Shuningdek, yengil atletika bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi III Markaziy Osiyo chempionati Toshkentdagi yangi Olimpiya shaharchasida joylashgan Olympic stadionida ilk bor tashkil etildi. Musobaqalar xalqaro standartlarga javob beradigan MONDO yengil atletika yo‘lakchasida o‘tkazildi.

Mavsumning final bosqichi 24 may kuni Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan Silk Road Kokand xalqaro yarim marafoni bo‘ldi. Unda 4 mingdan ortiq ishtirokchi startga chiqdi. Marshrut shaharni g tarixiy hududlari va markaziy ko‘chalari orqali o‘tib, qatnashchilarga Qo‘qonning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, Silk Road Uzbekistan’ning asosiy yutuqlaridan biri sport va turizmni samarali uyg‘unlashtirganidir. Ishtirokchilar musobaqalar orqali nafaqat sport natijalari uchun, balki O‘zbekiston shaharlarining tarixi, madaniyati va zamonaviy hayoti bilan tanishish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqda.

Bahorgi turkumning umumiy sovrin jamg‘armasi 429 million so‘mni tashkil qildi. G‘olib va sovrindorlar pul mukofotlari bilan taqdirlandi, bolalar uchun tashkil etilgan Kids Run startlari ishtirokchilariga esa esdalik sovg‘alari topshirildi.

Loyiha doirasida mamlakatning barcha hududlarida amalga oshirilayotgan Talaba Yugur tashabbusi ham muhim o‘rin egalladi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar, professional va havaskor sportchilarni birlashtirgan “Inson uchun” inklyuziv startlari ham o‘tkazildi.

Silk Road Uzbekistan’ning navbatdagi bosqichi 13 sentyabr kuni Xiva shahrida bo‘lib o‘tadi. Tashkilotchilar kuzgi mavsum yanada ko‘proq ishtirokchilarni jalb qilishi va mamlakatda ommaviy sport harakatining rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidlamoqda.

Reklama