“Silverleaf” va “Indorama” kompaniyalari rahbariyati bilan muzokara oʻtkazildi

    Investitsiyalar 5 Oktabr 2020 689

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan bir qator xorijiy investorlar bilan xususan, “Silverleaf International” kompaniyasi asoschisi Den Patterson va “Indorama” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Alok Loxiya bilan videokonferensiya orqali muzokara oʻtkazdi.

    D.Patterson bilan kechgan muloqot chogʻida Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi paxta klasterining joriy faoliyatiga oid masalalar koʻrib chiqildi. Klasterda Oʻzbekistonda birinchi marta paxtani oʻstirish va terish jarayoni toʻliq mexanizatsiyalashdi va suv tejaydigan texnologiyalar joriy etildi. Ayni payt 11,7 ming gektar maydonga ega klaster hududida 125 ta ilgʻor qishloq xoʻjaligi texnikasidan foydalanilmoqda, “Pulsar” tizimi joriy etilgan. Natijada suv sarfi sezilarli darajada kamayib, hosildorlikni 20 foiz oshirish imkonini bermoqda.

    Muzokaralarda yetakchi xorijiy brendlar buyurtmasi asosida yuqori qoʻshilgan qiymatga ega toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish orqali klasterni yana-da kengaytirishning amaliy jihati muhokama qilindi. Buning uchun kompaniya Oʻzbekistonda biznes yuritishning yuqori ijtimoiy va ekologik meʼyorlarini joriy qilmoqda.

    “Indorama” rahbariyati bilan suhbat chogʻida kompaniyaning Oʻzbekistondagi investitsiyaviy faoliyati koʻlami kengayib, hamkorlik samarasi ortib borayotgani taʼkidlandi — 2011-yilda singapurlik investorlar koʻmagida Qoʻqonda ip yigiruv fabrikasi barpo etildi, bunda xorijiy investitsiya hajmi 130 million dollarni tashkil etdi.

    Korxona tomonidan Qashqadaryo, Sirdaryo va Fargʻona viloyatlarida umumiy maydoni 100 ming gektarga yaqin paxta va toʻqimachilik klasteri yaratish hamda Qoʻqon superfosfat zavodini modernizatsiya qilish loyihalari amalga oshirilmoqda.

    Muloqot chogʻida tomonlar “Indorama” kompaniyasining Oʻzbekistondagi investitsiyaviy dasturi ijrosini jadallashtirish boʻyicha keyingi rejalar toʻgʻrisida kelishib oldilar.

    Shuningdek, paxta yigʻim-terimi kampaniyasiga oid masalalar muhokama qilindi – hozirgi bosqichda 32 ming nafar terimchi paxta yigʻim-terimiga yakka tartibdagi shartnoma asosida jalb etilgani, kampaniyaga oid barcha maʼlumotlar keyinchalik inson huquqlari boʻyicha xalqaro tashkilotlarni jalb qilgan holda paxta yigʻim-terimi jarayonini audit qilish uchun qayd etilayotgani taʼkidlandi.

    Yaqin kelajakda kompaniya maxsus uskunalar yordamida hosilni qisqa vaqt ichida yigʻishtirib olish imkonini beradigan toʻliq mexanizatsiyalashgan terimga oʻtishni rejalashtirmoqda. “Indorama” rahbariyatining fikricha, paxtachilik sohasida zamonaviy xalqaro standartlarni amalda joriy etish xorijiy brendlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatini shakllantiruvchi eng muhim omillardan biri hisoblanadi.

    Muzokaralar yakunida xorijiy investorlarga loyihalarni amalga oshirish va yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishda har tomonlama yordam koʻrsatilishi kafolatlandi.