Bu haqida Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro G.U. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida ishlovchi tanishlari orqali Turkiyaning “Y.T.” korxonasini xorijiy eksportyor korxonalar reyestriga kiritib berishi evaziga 1 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoiy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruvda fuqaro G.U. va agentlikning bosh mutaxassisi M.G. o‘zaro til biriktirib, “S.S.” MCHJga Rossiya Federatsiyasidan yog‘och va Turkmaniston Respublikasidan pomidor mahsulotlarini import qilishda import karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirib berishi evaziga 2,9 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Bundan tashqari, fuqaro G.U.ning 2 ta bank plastik kartasiga fuqarolardan R2R shaklida 10,9 mlrd so‘m kelib tushgan bo‘lib, shundan atigi 1,6 mlrd so‘mini to‘lovlar uchun to‘lab, 6,1 mlrd so‘mini naqdlashtirib, agentlikning mas’ul xodimlariga berganligi va qolgan 3,1 mlrd so‘mini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganligi aniqlangan.
Shuningdek, agentlik va uning quyi tashkilotlari g‘azna hisob raqamlariga kelib tushgan 91,7 mlrd so‘m tahlil qilinganda 14,9 mlrd so‘mlik to‘lovlar 759 nafar fuqaroning plastik kartalari orqali amalga oshirilib, shundan 174 nafari agentlik tizimi xodimi va 34 nafari ularning yaqin qarindoshlari ekanligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat isi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.