Shov-shuvli tarzda kechgan eng nufuzli turnirning har bir bahsi bugungi professional shaxmatning naqadar dinamik tarzda yuksalib borayotganini koʻrsatib berishi bilan birga zoʻrlar orasida yanada zoʻrlar borligini ham aniqlab berdi.
Biz uchun ahamiyatli jihati, 2025-yilga kelib Oʻzbekiston shaxmat maktabining ikki navqiron vakili mukofot jamgʻarmasi 750 ming AQSH dollaridan iborat turnirda gʻoliblikka daʼvogarlar qatoridan joy olishga muvaffaq boʻlish barobarida turnir gʻolibligiga asosiy nomzodlar qatorida qayd etildi.
Yosh va yuksak salohiyatga ega 19 yoshli shaxmatchimiz Javohir Sindarov bosh sovringa daʼvogar 10 nafar shaxmatchi orasida 4-oʻrinni, birinchi raqamli grossmeysterimiz Nodirbek Abdusattorov 6-oʻrinni egallashi mamlakatimiz yoshlarining beqiyos iqtidori namunasi boʻldi.
Oʻtkazilgan hal qiluvchi bahsda uchinchi oʻrin uchun kechgan qarama-qarshilikda Javohir Sindarov norvegiyalik sobiq jahon chempioni Magnus Karlsenga ikkinchi uchrashuvda imkoniyatni boy berdi. Bir kun muqaddam oʻtgan ilk bahsda ham tajribali Magnus zafar quchgandi. Bu, Javohir Sindarov “Freestyle Chess Grand Slam” turnirini 4-oʻrinda yakunlashi ortidan 60 ming AQSH dollariga ega chiqishiga, 3-oʻrin sohibi Magnus Karlsenni 100 ming AQSH dollari sohibi boʻlishiga olib keldi.
5-oʻrin uchun Nodirbek Abdusattorov va amerikalik Hikaru Nakamura oʻrtasidagi kurashda okean orti vakilining qoʻli baland keldi va 50 ming AQSH dollari sohibi boʻldi. Hamyurtimiz Abdusattorov oʻz navbatida 40 ming AQSH dollari sohibiga aylandi.
7-8 oʻrinlarga daʼvogarlikda amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommaraju Fransiya sharafini himoya qilayotgan Alireza Firuzjaga yutqazib qoʻydi. Oqibatda asli eronlik, hozirda Fransiyada istiqomat qilayotgan Alireza 30 ming, Gukesh 20 ming AQSH dollariga ega chiqdi.
Musobaqa finalida germaniyalik Vinsent Keymer va amerikalik Fabiano Karuana uchrashuvida nemis shaxmatchisiga omad kulib boqdi va “Freestyle Chess Grand Slam-2025”ning bosh sovrini boʻlgan 200 ming AQSH dollarini qoʻlga kiritdi. 2-oʻrindan joy olgan Karuanaga 140 ming AQSH dollari nasib etdi. Shu oʻrinda aytish lozim, “Freestyle Chess Grand Slam-2025” turniri joriy yildan oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi. Uning birinchi musobaqasi Germaniyada muvaffaqiyatli tashkil etildi. Turnirning keyingi bosqichlari joriy yilning 8–15-aprel kunlari Fransiya poytaxti Parijda, 17–24-iyulda AQSHning Nyu-York shahrida, 17–24-sentyabrda Hindistonning Dehli shahrida va 5–12-dekabr kunlari Janubiy Afrika Respublikasining Keyptaun shahrida boʻlib oʻtadi.
Har bir turnirda 1-8 oʻrinni egallagan shaxmatchilar “Freestyle Chess Grand Slam-2025”ning keyingi turnirida qatnashish huquqiga ega chiqadi.
Ortda qolgan Germaniya musobaqalaridagi natijalarga koʻra, Javohir Sindarov va Nodirbek Abdusattorov Parij bahslari chiptasiga ega chiqdi. Germaniyadagi musobaqalarda 9 va 10-oʻrinlardan joy olgan AQSH sharafini himoya qilgan Levon Aronyan va asli rossiyalik hozirda Sloveniya bayrogʻi ostida qatnashgan Vladimir Fedoseyev keyingi bosqichga chiqa olmadi.
Eslatib oʻtamiz, Parij turnirida 8 nafar shaxmatchi ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritgan boʻlsa, qolgan 2 nafar qatnashchi onlayn tarzda oʻtkaziladigan saralash musobaqalarida aniqlanadi.









