Qayd etilishicha, 2024-yilning sentyabr oyida boshlangan jamoalar oʻrasidagi ushbu turnirda jahon shaxmatining eng yetakchi grossmeysterlarini jamlagan 15 ta jamoa gʻoliblik uchun kurash olib bordi.
Musobaqa turlari 2024-yil sentyabr oyidan joriy yil 27-aprel kuniga qadar oyning har yakshanbasida oʻtkazildi.
Maʼlumotlarga koʻra, shu yilning 27-aprel kuni musobaqaning oxirgi 15-tur bahsida Javohir Sindorov joy olgan “Dyusseldorf” jamoasi Nodirbek Abdusattorov dona surgan “Firnxaym” jamoasi bilan roʻbaroʻ keldi. Ushbu bahsda 4:4 hisobida murosa yoʻli tanlangan boʻlsa, Nodirbek Abdusattorov “Dyusseldorf” aʼzosi hindistonlik Ardjun Erigaysi bilan, Javohir Sindorov “Firnxaym” sharafini himoya qilgan serbiyalik Aleksey Sarana bilan durangga erishdi.
Bundesliga oʻyinlarining 2024/2025-yilgi mavsumida 3-oʻrindan joy olgan “Baden-Baden” jamoasi tarkibida hamyurtimiz, sobiq jahon chempioni Rustam Qosimjonov bahslarda oʻz omadini sinab koʻrdi.
Qosimjonov jamoasi nufuzli musobaqaning 15-turida “Myulxaym” jamoasi bilan kuch sinashdi. Ushbu turda “Baden-Baden” gʻalabaga erishib, umumiy nkatijalar holatida ligada 3-oʻrindan joy egalladi. Rustam Qosimjonov ushbu turda qora donalarda “Myulxaym” aʼzosi germaniyalik Deniyel Fridman bilan kuch sinashdi. Oʻyin 0,5:0,5 hisobida yakunlandi.
Bundesliga oʻyinlarining 2024/2025-yilgi mavsumi davomida Nodirbek Abdusattorov 4 ta uchrashuvda qatnashib, barchasida durangga erishdi. Javohir Sindorov 13 ta turda jamoasi sharafini himoya qildi. Oʻtkazilgan oʻyinlarning 10 tasida gʻalaba, 3 tasida durang qayd etdi. Tajribali shaxmatchimiz Qosimjonov 10 ta turda dona surib, uning 2 tasida gʻalaba, 3 tasida magʻlubiyat va 5 tasida durangga erishdi.









