Bu haqda Bolalar Ombudsmani matbuot xizmati xabar qildi.

Tumanda yashovchi, 2010-yilda tugʻilgan E.O. ismli qiz Bolalar ombudsmanining shaxsiy qabuliga 3-aprel kuni murojaat qilib, sinfdoshlari tomonidan muttasil tazyiq va bullingga uchrayotgani, bu holatga maktab maʼmuriyati ham, boshqa masʼullar ham eʼtiborsiz ekanini bildirgan.

Bolalar ombudsmani soʻrovi asosida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi va Ichki ishlar organlari mazkur holatni oʻrgangan.

Boʻstonliq tumani MMT boʻlimi oʻrganishi davomida 2024-yilning 18-mart kuni informatika darsida E.O, S.M., M.K., K.V. (barchasi qizlar) oʻzaro gap talashib qolishgani, dars mashgʻulotlari tugaganidan soʻng nizoni hal qilishni kelishib, dars tugaganidan keyin maktab sinf xonasida yigʻilib oʻzaro janjallashgani va 3 nafar qiz birgalikda E.O.ni urishgani, uni turli haqoratli soʻzlar bilan kamsitishgani maʼlum boʻldi.

Boʻstonliq tumani “Markaziy” MFY profilaktika inspektori tomonidan bolalar oʻrtasidagi bu holat boʻyicha tergovga qadar tekshiruv olib borilib, voyaga yetmagan oʻquvchi qizlar E.O. va K.V. ga sud tibbiyot ekspertizasi tayinlangan va ularning yengil tan jarohati olganliklari aniqlangan.

Mazkur bulling holati yuzasidan K.V., S.M., M.K. larning ota-onalari Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasi 1- qismi (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik / bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima) asosida maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Qizlar bilan maxsus psixologik korretsion ish olib borish uchun psixolog biriktirildi.

Maktab rahbariyati va inspektor-psixolog bolalar oʻrtasida bu kabi bulling holatlariga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha tegishlicha ogohlantirildi.