Uchrashuvda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari – "O‘zsuvta’minot" AJ boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov delegatsiya vakillarini mamlakatimizda suv ta’minoti sohasidagi islohotlar, davlat-xususiy sheriklik va xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan loyihalar bilan tanishtirdi.

Muloqot davomida Singapur biznes missiyasining vakili, "PTTS Holdings LLC" kompaniyasi boshqaruv direktori Fu Sey Tiye suv ta’minoti sohasida o‘z mamlakati tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

– Singapurda chuchuk suv manbalari yetarli emas, mazkur muammoni yechish maqsadida dengiz suvini qayta ishlash, sho‘r va oqova suvlarni tozalash texnologiyalari keng joriy qilingan, – deydi “PTTS Holdings LLC” kompaniyasi boshqaruv direktori Fu Sey Tiye. – Ushbu texnologiyalarning afzalligi shundaki, ular energiya tejamkor bo‘lib, yuqori samaradorlikka ega. Eng muhimi, suv ta’minoti sohasidagi shu kabi zamonaviy texnologiyalarni O‘zbekistonga ham jalb qilish imkoniyatlari mavjud. Buning uchun Singapur biznes vakillari hamkorlik aloqalarini boshlashga tayyor.

Uchrashuv yakunida tomonlar suv ta’minoti sohasida hamkorlik masalalari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga kelishib oldi.