Davlatimiz rahbari bizga yoʻllagan oʻz murojaatida koronavirus pandemiyasi davrida yoshlar “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatida faol qatnashganini alohida taʼkidladi.

Ha, sinovli 2020-yil ortda qolmoqda. Karantinning vahimali kunlarida Prezidentimiz va viloyatimiz rahbarlari bilan yelkama-yelka turib, kam taʼminlangan, moliyaviy qiynalgan odamlar uchun saxovat koʻrsatishda oʻrnak boʻlishga intildik. Ehtiyojmand oilalar holidan doimo xabar olishda imkon qadar xayriya ishlarimiz bilan ishtirok etdik. Quvonarlisi, “Yoshlar - kelajagimiz” jamgʻarmasining imtiyozli kreditidan foydalanib, ishlab chiqarish faoliyatini namunali yoʻlga qoʻygan yigit-qizlar ham tashabbus bilan chiqishdi. “Bizdan nima yordam, qanday xizmat bor. Mablagʻimiz va oziq-ovqat mahsulotlarimiz bilan koʻmak berishga hozirmiz”, deyishdi.

Oʻsha tahlikali damlarda oʻzim ham tadbirkor sifatida 50 xonadonni otaliqqa oldim. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ochilgan “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasiga ham hissamni oʻtkazdim. “Biz beparvo emasmiz, biz mehr ulashamiz!” deya kunlarni tunlarga uladik. Shukurki, mana, yuzimiz yorugʻ boʻldi, barchasini hamjihatlikda, bir-birimizga oqibat koʻrsatib, qoʻllab-quvvatlab yengyapmiz!

Samimiy va koʻtarinki ruhda kechgan anjumanda Yurtboshimiz navqiron avlod vakillarida biznes koʻnikmalarini rivojlantirish masalasiga jiddiy eʼtibor qaratdi. Kasb-hunar hamda tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish orqali maxsus sertifikat olgan yoshlarga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada mikrokreditlar ajratish yuzasidan zarur choralar koʻrilishini, bu kreditlar 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan berilishini bildirdi.

Darvoqe, biznes - ham ishim, ham qiziqishim. 2011-yildan beri trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaradigan xususiy korxonani boshqarib kelaman. Korxonada 100 nafardan ziyod xotin-qizlar mehnat bilan band. Tadbirkorlikdan yiliga yaxshigina daromad olyapman. Mahsulotlarimizni Rossiya, Ukraina, Qozogʻiston va Ozarbayjon davlatlariga joʻnatmoqdaman. Yillik eksport hajmi esa 1 million AQSH dollaridan iborat.

Istiqlol tengdoshiman, oʻz yoʻnalishimda koʻplab yutuqlarga erishdim. Tengqurlarimni, tadbirkorlik va kichik biznes boshlamoqchi boʻlgan ukalarimni, singillarimni “Yoshlar - kelajagimiz” jamgʻarmasi orqali ularga maqsadli va imtiyozli kreditlar ajratib, loyihalarini tayyorlash, rivojlantirish va amalga oshirish, tajribalarini orttirish uchun qoʻllab-quvvatlashga bor kuch-gʻayratimni, imkoniyatimni safarbar etaman. Maʼlumot oʻrnida, birgina Namangan viloyatida hozirgacha 550 nafarga yaqin yoshlarga imtiyozli tarzda 150 milliard soʻmdan ortiq kredit mablagʻlari yoʻnaltirildi.

Islombek QUTFIDDINOV,
Namangan shahridagi “Imron textile group” korxonasi direktori,

“Yoshlar - kelajagimiz” jamgʻarmasi Namangan viloyat boʻlimi rahbari,

“Shuhrat” medali sohibi