Taʼkidlash joiz, 2021-yil boshidan beri suv sporti turlari (suzish, sinxron suzish,
suv polosi, suvga sakrash) boʻyicha bir qancha Oʻzbekiston chempionatlari hamda milliy terma jamoalarning oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan oʻz vaqtida oʻtkazildi va moliyalashtirildi.
Shu yilning 15-18-mart kunlari ROZKda boʻlib oʻtgan sinxron suzish boʻyicha Oʻzbekiston chempionati gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash jarayonida ayrim sabablarga koʻra gʻolib sportchilarga medallar oʻz vaqtida topshirilmadi.
Mazkur holat Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov boshchiligida vazirlikning tegishli boshqarma mutasaddilari, Suv sporti turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi hamda Oʻzbekiston suzish federatsiyasi vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
Unda vazirlik masʼul xodimlari, Suv sporti turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi hamda Oʻzbekiston suzish federatsiyalari tomonidan ushbu muammoni
oʻz vaqtida bartaraf etish choralari koʻrilmaganligi keskin tanqid qilindi.
Kamchilikka yoʻl qoʻygan masʼullarga tegishli intizomiy jazo choralari qoʻllanildi.
Shuningdek, kelgusida bu kabi holatlar takrorlanmasligi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatilishi lozimligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda sportchi hayoti davomida biron bir yutuqqa erishish uchun yillar davomida
oʻz ustida ishlashi, mehnat qilishi, oʻz hayotini sportga bagʻishlashi, har bir qoʻlga kiritilgan medal esa sportchining mashaqqatli mehnatlari uchun ragʻbat hisoblanishi, shuningdek, har bir sport sohasida xizmat qilayotgan mutasaddi xodimlar sportchilarning mehnatini qadrlashi va hurmat qilishi lozimligi alohida qayd etildi.
Bugungi kunda sinxron suzish boʻyicha Oʻzbekiston chempionati gʻolib va sovrindorlari uchun medallar tegishli viloyatlarga yuboriladi hamda hududiy Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan taqdirlash marosimini yuqori darajada tashkil etish choralari koʻriladi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati