Bugungi kunda Oʻzbekistonda 1070 dan ziyod avtomobilga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) faoliyat yuritmoqda. Ularning barqaror faoliyat yuritishini taʼminlash uchun yetkazib berilayotgan gazning zarur hajmini aniq hisob-kitob qilish va ular har kuni avtotransportga quyilayotgan gazga oid maʼlumotlarning shaffofligiga asoslangan boʻlishi lozim.

Shu bilan birga AGTKSHda oʻtkazilayotgan tekshiruvlar davomida gaz oʻlchash uskunasiga AGTKSH egalariga “foyda” keltirishga xizmat qiladigan tashqi taʼsir oʻtkazish bilan bogʻliq holatlar aniqlanmoqda. Gazning bu tarzda talon-toroj qilinishi, shuningdek ayrim AGTKSHlarda mijozlarni jalb qilish uchun boshqalarga nisbatan narxlarni vaqtincha kamaytirish imkonini berib, bu esa avtotransport egalarida real narxlar borasida yanglish fikrlashiga olib keladi va odamlarning asossiz noroziliklariga sabab boʻladi.

Siqilgan gaz sotilishi hisobini yuritishning avtomatlashtirilgan tizimi transportirovka vaqtida olinayotgan va yuborilayotgan maʼlumotlarni aniq hisobga olish, gaz oqimi kirimi va chiqimini nazorat qilish imkonini bergani holda hisob jarayonida inson omilini bartaraf etishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari ayniqsa sovuq kunlarda uyi AGTKSH yaqinida joylashgan isteʼmolchilardan doimiy ravishda gaz bosimi kamayib ketayotganligi toʻgʻrisida koʻplab shikoyatlar kelib tushmoqda. Gaz taqsimotini muvozanatlashtirish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizim joriy etilishi bilan mazkur muammo ham bartaraf etiladi.

AGTKSHlarda gaz yetkazib berilishi va uning avtotransport vositalariga sotilishi jarayonlarining shaffofligi qonunbuzarliklarga barham berish va ishlarni sifatli yoʻlga qoʻyish imkonini beradi. Bu esa nafaqat aholi, balki tadbirkorlar uchun ham muhim.

AGTKSHlarda avtotransport vositalariga sotilgan gaz miqdorini onlayn nazorat qilish joriy etilgach, gaz oʻlchash uskunasi ishiga aralashish mumkin boʻlmaydi.

Yangi tizimning joriy etilishi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazriligiga gaz oqimini onlayn tartibda nazorat qilish, Davlat soliq qoʻmitasiga esa sotilayotgan mahsulot hisobini shaffof yuritish imkonini beradi.

Energetika vazirligi Matbuot xizmati