Biznes
va tadbirkorlik oliy maktabi, Sirdaryo viloyati hokimligi hamda «Wildberries»
xalqaro elektron tijorat platformasi hamkorligida tashkil etilgan seminar
mahalliy tadbirkorlarni elektron tijorat imkoniyatlaridan keng foydalanishga
jalb etish, milliy mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga olib chiqish hamda
kichik va o‘rta biznes sub'ektlarining eksport salohiyatini oshirishga
qaratilgan.
Ta’kidlanganidek, Sirdaryoda
tadbirkorlik sub’ektlari
sonining ortib borayotgani ularni zamonaviy savdo vositalariga o‘qitish va
raqamli kanallardan samarali foydalanishini ta'minlashni yanada dolzarb
vazifaga aylantirmoqda.
Xususan,
yangi tashkil etilayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining raqamli savdo
imkoniyatlaridan foydalanishi ularning bozorda tezroq o‘z o‘rnini topishiga
xizmat qiladi. Rasmiy statistikada Sirdaryo viloyatida yangi tashkil etilgan
tadbirkorlik sub'ektlari soni ham muntazam o‘sib borayotgani qayd etilgan.
Viloyatda bugungi kunda 10,6 mingdan ortiq faol tadbirkorlik
sub’ekti mavjud. Shundan 2,7 mingga yaqin kichik
tadbirkorlik sub'ekti Sanoat yo‘nalishida faoliyat yuritayotgani quvonarli
holdir. Axborot va aloqa sohasidagi kichik tadbirkorlik sub'ektlari soni ham
220 tadan oshgan. Bu raqamlar hududda tadbirkorlik bilan bir qatorda raqamli
iqtisodiyot va zamonaviy biznes xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib
borayotganini ko‘rsatadi.
Viloyatda ishlab chiqarilayotgan sanoat, qishloq
xo‘jaligi, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal, hunarmandchilik va boshqa
mahsulotlarni elektron savdo platformalari orqali keng iste'molchilarga taklif
etish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu orqali mahalliy tadbirkorlar nafaqat
viloyat va respublika bozorida, balki xorijiy xaridorlar orasida ham o‘z
mahsulotlarini targ‘ib qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga elektron savdo
platformalarida ishlashning amaliy jihatlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar
berildi. Xususan, onlayn do‘kon ochish, mahsulotlarni elektron platformaga
joylashtirish, mahsulot kartochkasini shakllantirish, xaridorlarni izlash va
ular bilan muloqot qilish, buyurtmalarni qabul qilish va yetkazib berish,
logistika hamda to‘lov tizimlaridan foydalanish bo‘yicha amaliy bilim va
ko‘nikmalar taqdim etildi.
Seminarda bir qator yo‘nalishda faoliyat yuritadigan
tadbirkorlar uchun elektron savdoni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama
etildi.
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan
hududlarda ushbu yo‘nalishda amaliy seminarlarni tashkil etishdan asosiy maqsad
ham tadbirkorlarni elektron tijorat vositalaridan samarali foydalanishga
o‘rgatish, ularning raqamli ko‘nikmalarini oshirish va zamonaviy bozor
talablariga moslashishiga ko‘maklashishdan iborat.
Seminarda elektron do‘kon tashkil etishdan tortib,
mahsulotni joylashtirish, buyurtmalarni qabul qilish, logistika va to‘lov
jarayonlarini yo‘lga qo‘yishgacha bo‘lgan bosqichlar amaliy misollar asosida
tushuntirildi.
Elektron tijoratning yana bir muhim jihati - logistika
va yetkazib berish xizmatlarini rivojlantirishdir. Sirdaryoda tashish va saqlash
xizmatlari sohasida 600 dan ortiq tadbirkorlik sub'ekti faoliyat yuritayotgani
ham elektron savdo infratuzilmasini rivojlantirish uchun muayyan salohiyat
mavjudligini ko‘rsatadi.
Ayni paytda viloyatda 500 ga yaqin hunarmand faoliyat
yuritadi. Ularning mahsulotlarini elektron savdo platformalari orqali ichki va
tashqi bozorlarga chiqarish hunarmandlar uchun yangi xaridorlarni topish, savdo
hajmini oshirish va mahsulotlarini keng targ‘ib qilishda muhim imkoniyat
yaratadi.
Shu nuqtai nazardan, mazkur seminar nafaqat
tadbirkorlarga elektron savdo platformalarida ishlashni o‘rgatish, balki
hududda ishlab chiqarish, savdo, logistika va raqamli xizmatlarni o‘zaro
bog‘lagan holda yangi biznes ekotizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Alisher
Xajimuratov,
Vazirlar Maxkamasi xuzuridagi
Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi
Sirdaryo viloyati xududiy filiali raxbari.