Bugun, 31-avgustda modernizatsiya jarayonining uchinchi bosqichi doirasida stansiyaning 10-sonli energoblokida kapital taʼmirlash ishlari yakuniga yetkazilib energoblok yagona energo tizimga ulandi.

“Sirdaryo IES” AJ jamoasi rossiyalik hamkorlarimiz bilan birgalikda oʻz oldiga qoʻyilgan muhim vazifani yakuniga yetkazdi, mustaqilligimizning 30 yilligi nishonlanayotgan ushbu munavvar kunlarda 10-sonli energoblok muvaffaqiyatli modernizatsiyadan chiqarilib, 6 oylik tanaffusdan keyin yangi quvvatlar elektr energiya ishlab chiqarishni boshladi, — deya taʼkidladi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi Farhod Abdurahmonov.

Modernizatsiyani amalga oshirish hisobiga energoblokning ish samaradorligi oshadi, quvvati 325 MVt.ga yetkazilib, 1 kVt/s uchun shartli yoqilgʻi sarfi 40 grammga qisqaradi.

Modernizatsiya ishlari yakuni boʻyicha yiliga 180 million/kub metr tabiiy gaz tejashga erishiladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ maʼlumotiga tayanib.