Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi xabar berdi.
Raqobat qoʻmitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Sirdaryo tuman Obodonlashtirish boshqarmasida amalga oshirilgan xaridlarda Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunlari ijrosi yuzasidan oʻrganishlar olib borildi.
Oʻrganishlar natijasida Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan joriy yilning 14-iyun sanasida “Ekskavator-Pogruzchik” xarid qilish uchun oʻtkazilgan boshlangʻich qiymati 954 mln soʻmlik xarid jarayonida ishtirokchilarni baholashda “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 29-moddasi va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 46-moddasi talablari buzilishi holatlari aniqlandi.
Hozirda mazkur holatlarga huquqiy baho berish uchun tegishli maʼlumotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.