Dastlab kunning birinchi qismida Sirdaryo viloyati hokimligida bo'lib o'tgan tadbirda viloyat xokimligi, viloyat Kengashi deputatlari, boshqarma va idoralar rahbarlari, mahalla fuqarolar yig'ini raislari, tadbirkorlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o'rinbosari Anvar Karimov ochib berib, Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida Sirdaryo viloyati aholisi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan ko'plab chora-tadbirlar belgilanganligi, ushbu vazifa va maqsadlarni amalga oshirishda jamoatchilik monitoringining o'rni va ahamiyati yuqori ekanligini aytib o'tdi.
Shuningdek, tadbirda asosiy ma'ruzachi sifatida ishtirok etgan «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov tomonidan Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturlarining joylardagi ijrosi natijalarini keng aholi qatlamiga yetkazib borish hamda uning joylardagi ijrosida bevosita aholining ishtirokini ta'minlash maqsadida tashkil etilgan «Inson qadri» onlayn portalining taqdimoti o'tkazildi.
Taqdimotda E.Tulyakov tomonidan portalning ishlash mexanizmi va undan kutilayotgan natijalar to'laqonli yoritib berildi. Jumladan, «davlatdasturi.uz» onlayn platformasi orqali Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining ijrosi to'g'risidagi ma'lumotlarni keng jamoatchilik tomonidan kuzatib borish imkoni yaratilganligi, aholi Davlat dasturining ijrosi yuzasidan o'z fikr, taklif va e'tirozlarini bildirishlari mumkinligi ta'kidlandi.
O'z navbatida, Davlat dasturining har bir bandining ijro holatini ko'rsatib o'tish imkoniyati yaratilganligi tegishli davlat organlarining Davlat dasturining ijrosi bo'yicha mas'uliyati va hisobdorligini oshiradi.
Shu bilan birga, portalda amalga oshirilgan islohotlarni o'z hayotida his qilishi kerak bo'lgan fuqarolarda ijro holati bo'yicha o'z munosabatlarini foto, video yoki elektron hujjatlarni yuklash orqali ham jo'natish imkoniyati yaratilgan. Bu, o'z navbatida, keng jamoatchilikning Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining monitoringi va amalga oshirilishidagi tizimli ishtirokini ta'minlash va natijadorligini baholashga xizmat qiladi.
Xususan, portalga Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturining ijrosi natijalari yuzasidan infografik ma'lumotlar, videorolik va tahliliy sharhlarga oid ma'lumotlarni kiritib borilishi, keng jamoatchilikning Taraqqiyot strategiyasi va Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlardan to'la xabardor bo'lishini ta'minlaydi.
Shuningdek, E.Tulyakov «davlatdasturi.uz» onlayn platformasidan ko'zlangan natijaga erishish bevosita har bir fuqaroning bugungi islohotlarga bo'lgan daxldorlik hissiga bog'liq ekanligini ta'kidladi. Sababi, endilikda barcha yurdoshlarimiz kabi sirdaryoliklar ham muntazam ravishda ushbu platformani kuzatib borib, viloyatda amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlarning o'z vaqtida va sifatli amalga oshirilishiga mas'ul sanalishini aytib o'tdi.
Kunning ikkinchi qismida Jizzax viloyati hokimligida viloyat, tuman-shahar rahbariyatlari hamda viloyat faollari ishtirokida «Inson qadri» onlayn portalining taqdimoti o'tkazildi.
Tadbirning kirish qismida, Jizzax viloyati hokimining birinchi o'rinbosari Abduvali Mustanov tomonidan ma'ruza qilindi. A.Mustanov o'z ma'ruzasida O'zbekistonni kelgusi besh yilda rivojlantirishga qaratilgan Taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan 100 ta maqsad va uning doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning aksariyati, aynan Jizzax viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga, viloyat aholisining turmush darajasini yaxshilashga qaratilganligini ta'kidladi.
Xususan, Taraqqiyot strategiyasining 2022 yil – «Inson qadrini ulug'lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida nazarda tutilgan 398 ta bandning 250 dan ortig'i Jizzax viloyati bilan bog'liq bo'lib, ayni kun holatiga ijro muddati yetib kelgan 150 ga yaqin chora-tadbirlar o'z vaqtida bajarilgan.
Shundan so'ng, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirokchilarga «Inson qadri» onlayn portali bilan tanishtirdi. E.Tulyakov portalning nomi bejizga «Inson qadri» deya nomlanmaganligi, boisi ushbu portal orqali ijrosi nazorat qilib boriladigan Taraqqiyot strategiyasida belgilangan barcha maqsadlardan ko'zlangan eng asosiy maqsad mamlakatda inson qadrini yuksaltirish, aholi turmush farovonligini oshirish borasida Harakatlar strategiyasi doirasida boshlangan ishlarni tizimli davom ettirishga qaratilganligini ta'kidladi.
Shuningdek, har ikki tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan tayyorlanib chop etilgan 2022–2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan 7 ta ustuvor yo'nalish va uni amalga oshirishga qaratilgan 100 ta maqsad hamda ko'rsatkichlar haqidagi ma'lumotlar aks ettirilgan “2022–2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” to'plami taqdimotiga oid videorolik namoyishi ham o'tkazildi.
Qiziqarli ma'lumot va yangiliklarga boy bo'lgan taqdimotlar yakunida mazkur portal “Taraqqiyot strategiyasi” markazi jamoasi tomonidan muntazam ravishda takomillashtirib borilishi, bunda keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalarga ham doimiy ravishda e'tibor qaratilishi ma'lum qilindi. Jumladan, aholi tomonidan portalda yozib qoldirilgan har bir taklif va tashabbus tegishli soha xodimlari va markaz ekspertlari ishtirokida o'rganib chiqilib, kelgusida amalga oshiriladigan Davlat ahamiyatidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqishda foydalanilishi ma'lum qilindi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
Axborot xizmati