Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Guliston shahar boʻlimi tomonidan bank muassasasining murojaatiga asosan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “M.K.” MCHJ rahbari T.H. va boshqalar oldindan til biriktirib, MCHJga tibbiy xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish maqsadida ajratilgan 7 mlrd soʻm kredit mablagʻining 3,5 mlrd soʻmini maqsadsiz sarflab, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Xuddi shunday, Termiz shahar boʻlimi tomonidan bank muassasasining murojaatiga asosan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro U.S. “T.Q.” MCHJga norasmiy rahbarlik qilib, MCHJga non mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun asosiy vositalar sotib olish maqsadida ajratilgan 500 mln soʻm kredit mablagʻini maqsadsiz sarflab, talon-toroj qilganligi, shuningdek, kredit taʼminoti sifatida garovga qoʻyilgan binoni qonunga xilof ravishda tasarruf etganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 233-moddasi (band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.