Uchinchi tashabbus doirasida Sirdaryoda eng ilgʻor agrotexnologiyalar joriy qilinadi.
Xususan, viloyat hokimiga qishloq xoʻjaligida ilm va innovatsiya joriy qilish boʻyicha Xitoydan 2 nafar maslahatchi olib kelinadi. Sirdaryoda irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini modernizatsiya qilishga xitoylik investorlar jalb qilinadi.
Shuningdek, Xitoy tajribasi yordamida qoramol va parrandachilik ekokomplekslari tashkil qilinadi, shoʻr va suvsizlikka chidamli makkajoʻxori, sorgo, beda kabi ozuqaga boy ekin navlari ekiladi, intensiv anor, qovun, pekan yongʻogʻi va baliqchilik plantatsiyalari tashkil qilinadi, meva-sabzavotni saqlash, qayta ishlash va qadoqlash texnoparki tashkil etiladi.
Shoʻr va suvsizlikka chidamli ekin turlari, chorvachilik nasllarini yaratish boʻyicha Xitoyning bu yoʻnalishdagi yetakchi oliygohlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Ularning filiallari tashkil qilinib, qishloq va suv xoʻjaligi uchun kadrlar tayyorlanishi hamda yer oʻzlashtirish, choʻllanish, irrigatsiya va ekologiya yoʻnalishida ilmiy-tadqiqotlar olib borilishi maʼlum qilindi.