Kuni kecha shu tumandagi Istiqbol mahalla fuqarolar yigʻiniga biriktirilgan “Ishchi guruhi” aʼzolari – Sirdaryo tumani hokimi B.Mirzaqulov, viloyat bojxona boshqarmasi boshligʻi Sh.Xayrullayev hamda “Markaziy bank” viloyat bosh boshqarmasi boshligʻi V.Toʻrayevlar shu mahalla faollari bilan uchrashib, hududdagi ijtimioy-iqtisodiy muhitni va aholini qiynab kelayotgan mummolarni oʻrganib chiqdi.

Uchrashuv davomida mahalla fuqarolaridan 30 nafar kishi tadbirkorlikni boshlash istagida bank kreditlari olish orqali oʻz faoliyatini yoʻlga qoʻyish taklifini bildirdi. Bu esa mahalladagi 250 nafarga yaqin fuqarolarning bandligi taʼminlanishini kafolatlaydi.
Bundan tashqari, mahalladagi 60 nafar yosh yigit-qizlarning kasb-hunar va zamonaviy bilimlarni egallashlari uchun yangi yil arafasida faoliyatini boshlagan “Sirdaryo biznes-akselerator” markaziga yoʻnaltirildi.

Shuningdek, mahallaning ichki koʻchalariga qum-shagʻ yotqazilib, taʼmirlash ishlari boshlab yuborildi. Istiqbol MFY uchun yangi bino qurilishi ham ob-havo biroz yumshashi bilan jadal tarzda boshlanishi taʼkidlandi.
Soʻngra, “Ishchi guruhi” aʼzolari xonadonma-xonadon yurib, har bir oila aʼzosining fikrlarini, muammolarini, qish mavsumini qayday oʻtkazayotganlarini oʻrgandi. Ushbu oʻrganish jarayonidan keyin fuqarolar bandligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbir ishlab chiqiladi.

– Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqib, viloyatimiz hokimining tashabbusi bilan tumanimizda aholi bilan ishlashning mahallabay tizmini tashkil etdik, – deydi Sirdaryo tumani hokimi B.Mirzaqulov. – Ushbu tizimning afzalliklari shundaki, biriktirilgan “Ishchi guruhlari” aʼzolari har bir mahallaga borib, u yerda tadbirkorlik muhiti va aholi bandligini oshirish maqsadida tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan fuqarolarga subsidiyalar, mikrokreditlar ajratilishini, besh tashabbus doirasidagi amalga oshirilayotgan ishlar yana-da jonlantirilishini, kambagʻallikni tugatish boʻyicha zarur chora-taldbirlar belgilanib izchillik bilan amalga oshirilishini, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bilan ishlash boʻyicha belgilab olinadigan asosiy vazifalar ijrosini taʼminlaydilar.

Fuqarolarni, ayniqsa ayollar va yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, hunarmandchilikka jalb qilish, ishga joylashtirish ishlari ham ushbu aholi bilan ishlashning mahallabay tizimida toʻliq qamrab olinadi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz taʼkidlaganlaridek, xalq rahbarlar uchun emas, rahbarlar xalqimiz uchun ishlaydigan tizim tom maʼnoda endi yaratilibdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.