Unda jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik maʼmuriy reglament tasdiqlandi. Shu bilan birga, hech kimga tegishli boʻlmagan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan boʻsh turgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali (sotish) xususiylashtirish tartibi toʻgʻrisida vaqtinchalik nizom ishlab chiqildi.

Tajriba davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 7 nafar vakili, viloyat, shahar va tuman Kengashlarining 165 deputati ishtirok etdi. Ular xususiylashtirish subyektlari orasida belgilangan tartib-taomillarni keng koʻlamda targʻibot qilish ishlarini olib bordilar.

Jumladan, Sirdaryo viloyatining 230 ta aholi punktida eksperimentdan koʻzlangan maqsad haqida tushuntirishlar oʻtkazishdi.

Bundan tashqari, mazkur ishlarning afzallik tomonlari xususida yuridik va jismoniy shaxslarga bir qator maʼlumotlar taqdim etildi. Masalan, jismoniy shaxslar xususiylashtirilgan yer uchastkalarini garovga qoʻyish natijasida banklardan kredit mablagʻlarini jalb etish orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlishi taʼkidlandi.

Xususiylashtirilgan yer uchastkasini kelgusida realizatsiya qilish (sotish) orqali ushbu yer uchastkasining narxini bozor qiymatidan yuqori narxda baholash imkoniyatining mavjudligi qayd etildi. Shuningdek, yuridik shaxslarga xususiylashtirilgan yer uchastkasining daxlsizligi hamda shaxsiy mulk huquqi Qonun bilan muhofaza qilinishi uning asosiy afzalliklaridan ekaniga urgʻu berildi. Umuman olganda, odamlarda amalga oshirilayotgan ishlardan aholiga keladigan foyda va ziyonni farqlash imkoni yuzaga keldi.

Sirdaryo viloyati Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi binosida doimiy faoliyat olib boruvchi viloyat shtabi tashkil etildi. Bu orqali jarayonni muvofiqlashtirish, huquqiy eksperiment vaqtida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni tezkor bartaraf etish hamda tegishli takliflarni oʻrganib chiqish masalalari qamrab olinadi.

Bundan tashqari, viloyatning barcha davlat xizmatlari markazlarida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun arizalarni qabul qilish imkoniyati yaratildi.

Natijadorlikka erishish uchun yana bir qator ishlarni amalga oshirish zarur edi. Ulardan biri bu faoliyatni raqamlashtirish masalasi boʻlib, maxsus axborotlashtirish tizimiga ehtiyoj yuzaga keladi.

Shuni inobatga olgan holda, jarayonini amaliyotga tatbiq etish va uni muvofiqlashtirish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, “Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi” DUK, “Davergeodezkadastr” qoʻmitasi bilan birgalikda “YERNUSUSIYLASNTIRISN” avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqildi.

Mazkur tizim jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan xususiylashtirish tartibini elektron koʻrinishga keltirish, taqdim etilgan arizalarni koʻrib chiqish va ular boʻyicha qaror qabul qilishga ixtisoslashtirilgani bilan ahamiyatlidir.

Olib borilgan huquqiy tajriba davomida elektron tizim orqali 64 ta ariza qoʻrib chiqildi va ular boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Ularda arizalar miqdori, mazmuni talab va tartib asosida ajratildi.

Aksariyat hollarda jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer maydonlarini oʻzlashtirish imkoniyati mavjud emasligi, koʻp xonadonli turar-joy binolari yonidagi yer maydonlarini xususiylashtirish masalasi tartibga solinmagani yaqqol namoyon boʻldi. Kichik sanoat zonalari hududidagi yer maydonlarini xususiylashtirish qonunchilikda belgilanmagani, ana shunday joylarni hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish xususiyatlari hisobga olinmagani natijasida yuqori baholanishi ham kuzatildi. Tashkiliy-texnik ishlarida ham qator muammolar borligi aniqlandi.

Muammolar hamda viloyatda oʻtkazilgan huquqiy eksperiment natijalari mutasaddi organlarga taqdim etildi. Chora koʻrish boʻyicha takliflar berildi.

Kamchiliklarni bartaraf etuvchi meʼyorlarni tatbiq etgan xolda Vazirlar Mahkamasining “Sirdaryo viloyatida qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayonini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori hamda ““Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ularni ishlab chiqishda Parlament aʼzolari, mahalliy Kengashlar deputatlari hamda turli soha mutaxassislaridan takliflari inobatga olindi.

Bildirilgan har bir taklif, tatbiq etilgan oʻzgartirishlarda joylardagi real holat hisobga olingan. Muammolar yechimini nazarda tutuvchi talablar ishlab chiqilgan. Bu orqali nafaqat bir viloyat, balki koʻplab hududlardagi oʻxshash muammolarga barham beriladi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati