Reyd davomida Sirdaryo tumani "Taraqqiyot" mahallasi hududi uchuvchisiz uchish apparati (dron) yordamida ko'zdan kechirildi. Kuzatuv chog'ida mahalla hududidan oqib o'tuvchi ichki kanallarning birida tungi vaqtda rezina qayiqda noqonuniy baliq ovlayotgan ikki nafar fuqaro aniqlandi.
Qoidabuzarlar to'xtatilib, ko'zdan kechirilganda sanchqi yordamida 8 dona ilonbashara, 1 dona oq amur va 1 dona tovonbaliq (karas)ni noqonuniy ovlagani aniqlandi. Fuqarolarga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 90-moddasi 4-qismi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ish materiallari ko'rib chiqish uchun jinoyat ishlari bo'yicha Sirdaryo tuman sudiga yuborildi.
Bundan tashqari, ashyoviy dalil sifatida rezina qayiq, sanchqi, nasos va bir juft eshkak belgilangan tartibda olib qo'yildi hamda rasmiylashtirildi. Sud qarori qabul qilingunga qadar ushbu ashyolar hududiy boshqarma omboriga saqlash uchun joylashtirildi.