Sirdaryo viloyatida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda

    Biznes 17 Mart 2022 838

    Guliston shahrida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Sirdaryo viloyati hokimligi va Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” xalqaro sanoat kooperatsiyasi yarmarkasi oʻtkazildi.

    Unda viloyat hokimligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati hamda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar ishtirok etdi.

    Yarmarkada jami 685 ta tarmoq va hududiy korxonalar qatnashib, tadbir ishtirokchilariga energetika, elektrotexnika, metallurgiya, yengil sanoat va farmatsevtika, shuningdek, qurilish materiallari sanoati uchun 2 mingdan ortiq turdagi ichki import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni taqdim qildi. Yarmarkada 196 nafar tadbirkorlik subyekti birinchi marta ishtirok etdi va oʻzlarining 1 236 turdagi mahsulotni taqdim etdi.

    Bu gal oʻtkazilgan yarmarka ishtirokchilar eʼtiborini nafaqat turli tarmoqlar va hududlarining mahalliy korxonalar oʻrtasida kooperatsiya va savdo aloqalarini oʻrnatishga, balki import oʻrnini bosuvchi yangi korxonalarni yaratishga qaratilgan investitsiyaviy hamkorlik istiqbollariga qaratadigan yangi shaklda oʻtkazilganligi uning oʻziga xos xususiyatiga aylandi.

    Tadbirning ochilish marosimida mamlakatimizda importni optimallashtirish va mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilayotgan raqobatbardosh mahsulotlar bilan oʻrnini bosish maqsadida mahalliy ishlab chiqarish obyektlari oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha tizimli ishlar olib borilayotgani taʼkidlandi. Ishlab chiqarishni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, shuningdek, mahalliy sanoat korxonalari ehtiyojlari uchun zarur hisoblangan va ichki chakana bozorida talabga ega boʻlgan yuqori texnologiyali mahsulotlarni mahalliylashtirishni ragʻbatlantirish borasida mahalliy tadbirkorlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari sanab oʻtildi.

    Tadbirda ishtirok etgan rasmiylar turli sohalar, hududlar va yirik sanoat korxonalarining koʻrgazma stendlarida boʻlib, mahalliy tadbirkorlar bilan suhbatlashdi. Tadbirkorlar, oʻz navbatida, oʻz faoliyati va uni yaqin kelajakda kengaytirish rejalari haqida soʻzlab berishdi.

    Koʻrgazmada ikki kun davomida oʻz ishini davom ettirdi. “MADE IN UZBEKISTAN” brendi ostida milliy sanoat mahsulotlarining koʻrgazmasida faol ishtirok etganligi uchun respublikamiz hududlari turli nominatsiyalar va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.