“Uch avlod” uchrashuvi viloyat hokimi tomonidan yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissa qoʻshayotgan bir guruh faollarga “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonlarini tantanali ravishda topshirilishi bilan boshlandi.
Tadbir doirasida faollar uchun Guliston shahri boʻylab sayohat tashkil etildi. Ishtirokchilar maxsus sayyohlik avtobusida shahardagi bunyodkorlik ishlari, oʻzgarishlar bilan tanishdi.
Navbatdagi manzil sifatida Sirdaryo tumani tanlandi. Qatnashchilar “Sirdaryo universal oyna” MCHJ, “Sirdaryo mega lyuks” MCHJ shaklidagi Oʻzbekiston-Rossiya qoʻshma korxonasi faoliyati, shart-sharoitlari bilan tanishdilar. Shundan soʻng ishtirokchilar Sirdaryo tumanidagi “Peng-Sheng” qoʻshma korxonasi qoshida qad rostlagan Oʻzbekiston-Xitoy doʻstlik bogʻiga tashrif buyurdilar. Viloyatdagi barcha tuman-shaharlarning betakror madaniyati va sanʼati, bugungi hayoti, turli sohalarda erishayotgan marralar aks ettirilgan koʻrgazma va kompozitsiyalar ularda katta taassurot qoldirdi.
Tadbir soʻngida viloyatda yashab, yurtimiz rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan turli millat vakillari tomonidan namoyish etilgan badiiy chiqishlar Oʻzbekiston bagʻrikeng diyor ekanining ifodasi boʻldi.