Sirdaryoda 13 yoshli bola qarindoshini oʻldirib qoʻydi. Marhum ruhiy kasalliklar dispanserida roʻyxatda turgan

    Ijtimoiy tarmoqda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 13 yoshli maktab oʻquvchisi qarindoshini soʻyib tashlagani haqida xabarlar tarqaldi.

    Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov maʼlumot berdi.

    Qayd etilishicha, 18-oktyabr kuni Boyovut tumanida yashagan 23 yoshli F.J. ismli erkakning murdasi Guliston shahar “Navbahor” mahallasi hududidagi kanalning tashlandiq joyidan topilgan. Aniqlanishicha, voyaga yetmagan Sh.A. (oʻgʻil bola) oʻsha kuni “Doʻstlik” va “K-3” kanali oraligʻidagi tashlandiq joydan oʻtib ketayotgan vaqtida uzoq qarindoshi F.J. uni chaqirib, qoʻlidagi pichoq bilan uni oʻldirishini soʻragan. Sh.A. buni rad qilganidan soʻng, F.J. voyaga yetmagan Sh.A.ni qoʻrqitganligi bois, voyaga yetmagan Sh.A. F.J.ni pichoq bilan qasddan oʻldirgan.

    Maʼlumot oʻrnida, marhum F.E. ruhiy kasalliklar dispanserida “paranoid shizofreniya epizodik kechishi” tashxisi bilan roʻyxatda turgan.

    Mazkur holat yuzasidan 18-oktyabr kuni Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam oʻldirish) 2-qismi “v” bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.