Bu haqda DXX xabar qildi.
Maʼlum boʻlishicha, fuqarolik ishlari boʻyicha Guliston tumanlararo sudining 2021-yil dekabr oyidagi ijro hujjatiga asosan, qarzdor shaxsdan undiruvchi fuqaro foydasiga 30 mln soʻm miqdorida moddiy va maʼnaviy zarar undirish belgilangan.
Biroq davlat ijrochilari shaxsiy manfaat yoʻlida qarzdordan ijro ishini tugatish evaziga 20 mln soʻm olgan. Shundan 14 mln soʻmni undiruvchiga berib, undan goʻyoki 30 mln soʻm toʻliq olingani va daʼvosi yoʻqligi haqida tilxat yozdirib olishgan.
Qolgan 6 mln soʻmni esa tuman prokuraturasi binosi oldida oʻzaro taqsimlab olishgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Holat yuzasidan Sirdaryo viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.