Ushbu amaliyot Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialining “Rentgenendovaskulyar” xirurgiya boʻlimida sirdaryolik mutaxassislar tomonidan muvaffaqiyatli bajarildi.
Bu turdagi yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti uchun filial va Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga binoan, davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hisobidan 829 million va 357 million soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari yoʻnaltirildi.
— Oʻtgan yili mutaxassislarimiz tomonidan yurak, yurak qon tomir tizimida bir qator yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari bajarildi, — deydi Sirdaryo filiali direktori Shuhrat Husanov. — Jumladan, 856 nafar bemorda koronarongiografiya tekshiruvlari, 324 nafar bemorda koronar arteriyalarida stentlash, 2 nafar bemorda EFT va RTA amaliyotlari, 3 nafar bemorga doimiy elektrokardiostimulyator oʻrnatish amaliyoti, 5 nafar bemorda kam uchraydigan yurak tugʻma nuqsoniga okklyuder quyish, 22 nafar bemorga shuntografiya, 3 nafar bemorga ventrikulografiya oʻrnatish ishlari bajarildi. Yuqorida koʻrsatib, aytib oʻtilgan amaliyotlar uchun bundan bir, bir yarim yil muqaddam sirdaryolik bemorlar Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markaziga, Rossiya va Hindiston kabi davlatlarga borishga majbur boʻlar edi. Endilikda bularning barchasi shu yerda, Sirdaryoda sirdaryolik endovaskulyar xirurglar tomonidan amalga oshirilyapti.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Sirdaryo filialidagi “Rentgenendovaskulyar” xirurgiya boʻlimida yurak qon tomiri tizimi bilan bogʻliq kasalliklar bilan kasallangan bemorlarga yordam koʻrsatish maqsadida 30 turdagi yuqori texnologik amaliyotlar yoʻlga qoʻyildi. Undan tashqari rossiyalik va turkiyalik mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalar oʻrnatildi. Bu esa yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini Sirdaryoda oʻzlashtirish, uni amaliyotga joriy etish imkonini beryapti.
Gʻulom Primov,
Sirdaryo viloyat
Sogʻliqni saqlash boshqarmasi
matbuot kotibi.