Sirdaryoda 500 million dollarlik investitsiya hisobiga Oʻzbekiston-Xitoy biotexnologiyalar klasteri barpo etiladi

    Hukumat 7 Aprel 2023 1588

    Davlat rahbari Sirdaryo aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan 5 ta yangi tashabbusni ilgari surdi.

    Birinchidan, Ilgʻor innovatsiyalar hududida biofarmatsevtika, qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, elektrotexnika, tibbiyot, taʼlim sohalarining 20 ta yoʻnalishidagi loyihalariga alohida imtiyozlar rejimi joriy qilinadi:

    - yer, mol-mulk, foyda va aylanma uchun soliqlar hamda bojxona bojlaridan 3 yilgacha ozod qilinadi;

    - yer uchastkalari soddalashgan tartibda ajratiladi, yer va binolarni sotib olishda 5 yilgacha boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi;

    - foiz toʻlovlarini qoplab berish stavkasi 2 baravar oshiriladi.

    Shuningdek, Sirdaryoda 500 million dollarlik investitsiya hisobiga Oʻzbekiston-Xitoy biotexnologiyalar klasteri barpo etiladi. Bu klasterda Xitoyning yetakchi oliygohlari bilan birga Gulistonda xalqaro taʼlim va tadqiqot universiteti, Innovatsion tibbiyot klinikasi, Markaziy Osiyo genom markazi, onkologik kasalliklarni davolash uchun Hujayra terapiyasi markazi tashkil qilinadi.

    Shuningdek, klaster tomonidan zamonaviy diagnostika qurilmalari, innovatsion vaksinalar, probiotiklar va onkologik kasalliklar uchun dori vositalari ishlab chiqariladi. 10 ming talaba uchun oʻquv binolari, zamonaviy kampus, laboratoriyalar, muhandislar maktabi tashkil etiladi.