Tadbirda so‘zga chiqqanlar buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi jahon adabiyoti tarixida hamda milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutishi haqida to‘xtalib o‘tishdi.

Ta’kidlanganidek, Alisher Navoiy butun hayoti davomida adabiy asarlarni siyosat bilan birlashtirgan. Yuqori mansabga ega shaxs bo‘la turib, u mamlakat hayotining ijtimoiy-iqtisodiy takomillashishiga katta hissa qo‘shgan. Ilm, fan, san’at rivojiga homiylik qilgan. Tinchlik va totuvlik hukmron surishiga doim harakat qilgan. O‘z davrida Navoiy Hirot shahrida va boshqa viloyatlarda o‘z hisobidan bir nechta madrasa, 40 ta rabot, 17 ta masjid, 10 ta so‘fiylar turar joyi, 9 ta hammom, 9 ta ko‘prik va boshqalarni qurdiradi.

Darhaqiqat, Navoiyning ko‘p ruboiylari,  dostonlari ham xalqni qay yo‘sinda baxtli-saodatli qilmoq mumkin, degan savollarga javob tariqasida yozilgandir. Jumladan:
 
Odamiy ersang demagil odami,
Oniki, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.

Shoir bu baytni shunchaki yozib qo‘ymagan – butun vujudi, tafakkuri, hayoti va ijodini xalqqa bag‘ishlagan bu buyuk inson shu shiorni o‘z hayoti va faoliyatining mohiyati deb bilgan va boshqalarga ham to‘xtovsiz targ‘ib qilgan. Bunday purma’no satrlar tom ma’noda O‘zbekistonning bugungi hayotida ham hamohanglik kasb etmoqda. Inson qadri ulug‘lanayotgan yurtimizda xalqni rozi qilish, ularning orzu armonlarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida mehnat qilayotgan zamondoshlarimiz uchun buyuk mutafakkir bobomizning boqiy satrlari muhim dasturilamaldir.

Buyuk shoir tavallud kuniga bag‘ishlangan tadbirlarning adabiy-badiiy qismi Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida davom etdi. Unda “Lisson-ut tayr” asari asosida sahnalashtirilgan “Qush tili” spektakli namoyishi bo‘lib o‘tdi.

Alisher Navoiy tavalludiga bagʻishlangan mushoiralar, nazm va navo kechalari, adabiyot bayramlari viloyat boʻylab davom etmoqda, deb yozadi Sirdaryo viloyat hokimligi axborot xizmatining telegram kanalida.