Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani kuzatuv olib bormoqda.
Hodisa yuzasidan tuman prokuraturasi oʻtkazgan tergovga qadar tekshiruv doirasida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlanib, uning xulosasiga koʻra, I.S. nafas yoʻllari berkilib qolishi natijasida (obturatsion asfiksiya) vafot etganligi qayd etilgan.
Aniqlanishicha, tuman tibbiyot birlashmasi va oilaviy shifokorlik punkti masʼul shaxslari bolaning tugʻilganidan buyon unda aniqlangan kamqonlik (anemiya) kasalligini shu kunga qadar davolash choralarini koʻrmasdan, masʼul mansabdor shaxslar tomonidan bu borada qatʼiy nazorat oʻrnatilmagan.
Shu bilan birga, I.S. ni bogʻchaga qabul qilishda bolaning umumiy sogʻligʻi haqidagi maʼlumotnoma olinmasdan hamda bola 3 yoshga toʻlmagan boʻlsada, tarbiyalanuvchilar safiga qabul qilingan.
Shuningdek, masʼullar tomonidan bolada sogʻligʻi bilan bogʻliq sodir boʻlishi mumkin boʻlgan jarayonlar doimiy nazoratga olinmagan hamda kuzatilgan dastlabki tibbiy simptomlarni muntazam ravishda nazorat qilib borilmasdan, malakali birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatish choralari koʻrilmagan.
Joriy yilning 11-sentyabr kuni I.S.ning vafot etganligi holati yuzasidan Mirzaobod tuman tibbiyot birlashmasi va oilaviy shifokorlik punkti masʼul xodimlariga nisbatan JKning 116-moddasi (Kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) hamda oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mansabdor shaxslariga nisbatan JKning 192-11-moddasi 1-qismi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Hozirda jinoyat ishi boʻyicha Mirzaobod tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu borada qoʻshimcha maʼlumot beriladi.