Qarorga muvofiq, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “The International Company for water and power projects” (Saudiya Arabistoni) (Investor) va “Acwa Power Sirdarya” MCHJ (Loyiha kompaniyasi) oʻrtasidagi Sirdaryo viloyatida quvvati 1 500 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasini qurish boʻyicha investitsiya bitimi tasdiqlandi.

Investitsiya bitimi u imzolangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi (2020-yil 6-martda imzolangan).

Qaror bilan “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Loyiha kompaniyasi oʻrtasidagi Elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitim maʼqullandi.

Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda faqat “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga sotadi.

Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Loyiha kompaniyasiga, istisno tariqasida, quyidagi huquqlar beriladi:

kreditlash, chet el valyutasidagi mablagʻlarni olish va ulardan foydalanish uchun chet eldagi xorijiy banklarda hisobvaraqlar ochish hamda respublikadagi hisobvaraqlaridan xorijdagi hisobvaraqlariga pul mablagʻlari oʻtkazish;

Oʻzbekistonning tashqarisidagi xorijiy pudratchilar, yetkazib beruvchilar yoki xorijiy kreditorlarga toʻlovlarni Oʻzbekistondagi bank hisobvaraqlari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri amalga oshirish.