Bu haqda qoʻmitaning matbuot xizmati xabar qildi.
Raqobat qoʻmitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan Sirdaryo viloyati “Toza hudud” davlat unitar korxonasining 2023 va 2024-yilning 1-yarim yilligida maishiy chiqindi tashish xizmatlarini koʻrsatish sohasida qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan oʻrganish va tahlil ishlari olib borildi.
Oʻrganish va tahlillarda mazkur “Toza hudud” DUKning tuman-shahar filiallari tomonidan maishiy chiqindi tashish xizmatining MFY kesimida belgilangan jadval asosida xizmat koʻrsatmayotganligi, buning natijasida aholidan ortiqcha mablagʻlar olinganlik holatlari aniqlandi.
Jumladan, “Toza hudud” DUK Guliston tuman filiali tomonidan tumandagi 3 ta MFYda 9 158 nafar aholidan koʻrsatilmagan xizmat uchun jami 46,1 mln soʻm ortiqcha toʻlovlar hisoblanganligi maʼlum boʻldi.
Xuddi shu kabi quyidagi hududlarda ham ortiqcha mablagʻlar olingan holatlar maʼlum boʻldi:
12 ta MFYda(Oqoltin tumanida 32 329 nafar aholi) - 76,9 mln soʻm;
9 ta MFYda (Boyovut tumanida 27 949 nafar aholi) - 95,6 mln soʻm;
9 ta MFYda (Xovos tumanida 17 307 nafar aholi) - 73,1 mln soʻm;
7 ta MFYda (Sirdaryo tumanida 19 833 nafar aholi) – 67,3 mln soʻm;
3 ta MFYda (Yangiyer shahrida 14 464 nafar aholi) - 86,3 mln soʻm;
3 ta MFYda (Sardoba tumanida 8 984 nafar aholi) – 5,2 mln soʻm;
3 ta MFYda (Shirin shahrida 7 620 nafar aholi) - 33,2 mln soʻm;
1 ta MFYda (Mirzaobod tumanida 4 148 nafar aholi) - 31,1 mln soʻm;
1 ta MFYda (Sayxunobod tumanida 3 069 nafar aholi) - 13,6 mln soʻm;
Umumiy hisob-kitoblarga koʻra “Toza hudud” tomonidan jami 51 ta MFYda 144 861 nafar isteʼmolchiga nisbatan 528,6 mln soʻm miqdorida ortiqcha toʻlovlar hisoblaganligi aniqlandi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Toza hudud” DUKka nisbatan “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 21-moddasi Sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qoʻshimcha tovarlar sotib olishga yoki qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas) talablari buzilganligi yuzasidan, tegishli tartibda ish qoʻzgʻatildi, ishni koʻrib chiqish natijasida 144 861 nafar isteʼmolchi foydasiga 528,6 mln soʻm mablagʻ qayta hisob-kitob qilinishi boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi.