Sirdaryoda haydovchidan pora olgan YPX xodimi qamaldi

    Tergovga qadar tekshiruv materiallarini haydovchining foydasiga hal qilgan holda sudga chiqarish, sud tibbiy ekspertizasini yengillashtirish hamda mashinani jarima maydonchasidan chiqarib berish uchun 400 AQSH dollari talab qilgan.

    Sirdaryo viloyatida yoʻl-transport hodisasi sodir etgan haydovchidan pul olgan YPX xodimi ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar bermoqda.

    Maʼlum qilinishicha, Sirdaryoda YTH sodir boʻlgan joyga yetib borgan YHXX katta inspektori hodisani rasmiylashtirgan va yoʻlovchilardan birining tan jarohati ogʻirlik darajasini aniqlash uchun tibbiyot ekspertizasi tayinlagan.

    “Bu kun” informatsion dasturida berilgan lavhada aytilishicha, YTH sodir etgan mashina shu kuniyoq jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Oradan 4-5 kun oʻtgach YPX xodimi haydovchini oʻz xizmat xonasiga chaqirgan.

    Soʻng unga tergovga qadar tekshiruv materiallarini haydovchining foydasiga hal qilgan holda sudga chiqarish, sud tibbiy ekspertizasini yengillashtirish hamda mashinani jarima maydonchasidan chiqarib berishni vaʼda qilgan.
    Buning evaziga xodim haydovchidan 400 AQSH dollari miqdorida pul talab qilgan. Haydovchi xodimning taklifiga rozi boʻlmagan va huquqni muhofaza qiluvchi organlariga murojaat qilgan.
    Uning arizasiga asosan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida YHXX katta inspektori oʻz xizmat xonasida 200 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlangan.

    Qayd etilishicha, holat yuzasidan sud ishi jinoyat ishlari boʻyicha Guliston shahar sudida koʻrib chiqilgan.

    Sud ayblanuvchini Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topgan.

    U 3-yil muddatga IIOda har qanday lavozimda ishlash huquqidan mahrum qilingan va 4-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini olgan.