Ushbu turdagi kasalliklar shu vaqtga qadar anʼanaviy usul, ochiq kesmalar yordamida amalga oshirilgan boʻlsa, kam invazivli laparoskopiya usuldagi amaliyotlar Akademik V.Vaxidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazda va boshqa ixtisoslashtirilgan markazlar hamda xorijiy davlatlarda oʻtkazilib kelinayotgan edi.
— Guliston tibbiyot klasterda shu bugungi kunga qadar laparoskopiya usulda xoletsistektomiya, buyrakdagi kistektomiya, appendektomiya, ayollarda tuxumdondagi kistektomiya, bachadon trubalarini ochish bilan bogʻliq 3000 dan ziyod amaliyotlarni oʻtkazganmiz, — deydi Guliston tibbiyot klasteri xirurgi, oliy toifali xirurg -laparoskop Akmal Oʻrolov. — Ammo, qiziloʻngach diafragma teshigi churrasi bilan bogʻliq laparoskopiya amaliyot esa birinchisi hisoblanadi. Yutuq tomonimiz shundaki, Ozarbayjon davlatida ikki oylik malaka oshirish kursi, Akademik V.Vaxidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaz, u yerdagi ustozlardan oʻrgangan tajriba ushbu turdagi amaliyotni, ular ishtirokisiz Guliston tibbiyot klasterining malakali mutaxassislari hamrohligida mustaqil bajarish imkonini berdi.
Oqoltinlik bemor, 1958 tugʻilgan Adhamjon Olimov ushbu amaliyotdan soʻng, qiziloʻngach bilan bogʻliq kasallik, kekirish, qayt qilish, kutilmagan ogʻriqlardan batamom qutildi.
U toʻrt yil davomida turli tibbiyot muassasalarga, xalq tabobatiga murojaat qilgan. Ammo konservativ davo muolajalari unga yordam bermagan. Ahvol battar boʻlgan boʻlsa boʻlgan-ki, ammo yaxshi tomonga oʻzgarmagach, Guliston tibbiyot klasteriga, u yerdagi mutaxassislarga murojaat etgan.
Mutaxassislar klinik va instrumental tekshiruv oʻtkazib unga qiziloʻngach diafragma teshigi churrasi tashxisi qoʻydi va muammo yuqori texnologiyali, kam invazivli, laparoskopik usulda bartaraf etildi.
Hozir bemor salomatligi yaxshi. Ayni vaqtda shifokorlar nazorati ostida davo muolajalarini olyapti.
Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.