Shu sababdan partiya ijtimoiy himoya tizimining izchil va manzilli boʻlishi uchun kurashadi.

Partiyaning Sirdaryo viloyat kengashi tomonidan “Ijtimoiy himoyadan barqaror daromad sari” mavzusida tashkil etilgan davra suhbatida ham viloyatda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi, oldinda turgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Maʼlumotlarga koʻra, shu yil 1-noyabriga qadar “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan 18 025 ta oilaning ijtimoiy ahvoli oʻrganilib, ulardan 8 007 tasi daromadi kambagʻallik chegarasidan yuqori boʻlgani uchun reyestrdan chiqarildi. Hozirda reyestr 10 018 ta oila bor va viloyatda kambagʻallik darajasi 4,4 foizni tashkil etmoqda. Reyestrdagi oilalarning 2 107 tasi qizil, 7 911 tasi sariq toifaga kiradi.

Inson ijtimoiy xizmatlar markazi hamda ijtimoiy xodimlarga fuqarolardan 143 432 ta arizalar kelib tushgan boʻlib, ularning 106 709 tasiga belgilangan muddatlarda xizmat va yordamlar koʻrsatilgan.

Sirdaryo viloyatida “Kambagʻal oilalar reyestri”da turgan 10 mingdan koʻproq oilaga ijtimoiy xizmat koʻrsatilmoqda. Afsuski, shu oilalardan 372 tasi boquvchisini yoʻqotgan, 323 tasida oila aʼzosi jazoni ijro etish muassasasida qolayotgan boʻlsa, oila aʼzosi psixiatriya dispanserida boʻlgan oila 696 tani tashkil etayotgan ekan. Albatta, bunday raqamlar hammani oʻyga toldiradi, asosiysi, masʼul vazirlik-idoralar, mahalliy ijro hokimiyatidan, deputatlardan ham katta masʼuliyat talab qiladi.

Muammolar bilan yuzma-yuz qolayotgan oilalar uchun alohida-alohida yondashuv kerakligi, bunda boquvchisini yoʻqotgan oilaga bir-ikki martalik yordamdan koʻra, shu oiladagi mehnatga qobiliyatli biron aʼzoni, farzandini kasb-hunarli qilish oilaning hayotini tubdan oʻzgartirishi mumkinligi aytib oʻtildi.

Viloyatda “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarga koʻrsatilgan xizmatlarda bandlik va daromadni oshirish, doimiy ishga joylashtirish va taʼlim yoʻnalishidagilar qariyb 30 mingtani, yaʼni salmoqli qismni tashkil etmoqda. Bu kam daromadli oilalar harakatga kelayotgani, davlatga ham, oʻziga nisbatan ham talabchanligi oshayotganini bildiradi. Bu kambagʻallikni qisqartirish uchun eng muhim omil.

Odamlar ishlashga, turmushiga oʻzgartirishga intilayotgan ekan, davlat tashkilotlari, hokimliklar, hududlardagi vazirliklar mutasaddilari talabga loyiq ishlashi zarur. Afsuski, partiya deputatlik guruhlari kambagʻallik bilan bogʻliq dasturlar ijrosini, koʻrsatilayotgan ijtimoiy yordamlar holatini oʻrganganda, yuzaki, masʼuliyatsiz yondashilgan holatlarga ham duch kelayotgani aytilib, befarqlik holatlariga nisbatan murosasiz boʻlish kerakligi taʼkidlandi.

Shuning uchun Xalq demokratik partiyasi deputatlik korpusi Sirdaryo viloyatida kambagʻallik va bandlik masalasida manzilli, qatʼiy deputatlik nazoratini oʻrnatishi, ijtimoiy himoyaga tizimli yondashuvni qoʻllab-quvvatlashi maʼlum qilindi.