Davlat rahbarining 2020-yil 12-noyabrda “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingandi.

Hujjatga muvofiq, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida Sirdaryo viloyatida sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari bilan bogʻliq, tajriba-sinov loyiha ishlari bugundan boshlanadi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oilaviy shifokor, uning oʻrta tibbiyot xodimlaridan iborat terapiya va pediatriya boʻyicha yordamchilari, patronaj hamshiralari va doyadan tashkil topgan guruhlar ish boshlaydi.

Har bir tibbiyot muassasada davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi shakllantirilib, kafolatlangan paket birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari va shifoxonalarda Oʻzbekiston fuqarolari, mamlakatda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga taqdim etiladi.

Qolaversa, oilaviy shifokor tor soha shifokorlariga va zarur hollarda tuman, viloyat hamda respublika shifoxonalariga yoʻllanmalar beradi. Respublika darajasidagi shifoxonalarga yoʻllanmalar viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan tasdiqlanadi. Ushbu tartibga rioya etilmagan hollarda, shuningdek, kafolatlangan paketga kiritilmagan tibbiy xizmatlar pullik asosda koʻrsatiladi.

Aholining sogʻligʻi bilan bogʻliq koʻrsatkichlarini monitoring qilish, ularni tibbiyot muassasasiga biriktirish, kasallik tarixini yuritish, retsept yozish va tibbiyot muassasalariga yoʻnaltirish yagona elektron platforma orqali amalga oshiriladi.

Hujjatga muvofiq, tajriba-sinov loyihasi doirasida aholi mavjud xavf omillaridan kelib chiqib xavf guruhlariga boʻlinadi. Oʻrta va yuqori xavf guruhlaridagi aholi tibbiy koʻriklardan oʻtkaziladi va salomatligi davriy kuzatuvga olinadi. Yuqori xavf guruhidagi va tibbiyot muassasasiga kela olmaydigan bemorlar doimiy kuzatuvga olinadi va uyiga borgan holda tibbiy xizmat koʻrsatiladi.

Profilaktik koʻriklar oʻrniga, hudud xususiyatlariga koʻra, muayyan kasalliklar boʻyicha maqsadli skrining tekshiruvlari oʻtkaziladi. Patronaj koʻriklari optimizatsiya qilinadi va yangi maqsadli patronaj tizimi joriy etiladi.

Sirdaryo viloyatida joriy qilinayotgan yangi tibbiy profilaktika va patronaj tizimini oʻrgatish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil qilinadi.

Tajriba-sinov loyihasining natijalariga koʻra, davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi respublikaning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Loyiha doirasida 2021-yil 1-iyuldan boshlab Sirdaryo viloyati sogʻliqni saqlash tizimi tashkilotlarini moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan mablagʻlar Jamgʻarmaning alohida shaxsiy gʻazna hisob-varaqlariga bosqichma-bosqich oʻtkazib beriladi.

Jamgʻarma tibbiyot tashkilotlari bilan shartnomalar tuzish orqali ular faoliyatini moliyalashtirib boradi. Bunda, tuman (shahar) va viloyat darajasidagi shifoxonalarga ajratiladigan mablagʻlarning 10 foizidan kam boʻlmagan qismi har bir davolangan holatlar soni hamda bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqib belgilanadi.

Kafolatlangan paket asosida tibbiy xizmatlar koʻrsatishga nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham jalb qilinishi mumkin.

2021-yil 1-mayga qadar tibbiyot muassasalariga biriktirilgan aholi xatlovdan oʻtkaziladi. Ularning sogʻligi va kasallanish koʻrsatkichlari boʻyicha elektron maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi.

2021-yil 1-iyulga qadar “elektron poliklinika” va davlat tibbiy sugʻurtasining axborot tizimlari hamda maʼlumotlar bazasi yaratiladi.

Eslatib oʻtamiz, prezidentning 10-noyabrdagi qarori bilan, 2021-yil 1-yanvardan Sirdaryo viloyati koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida tajriba tariqasida “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” xonalari tashkil etilmoqda. Ushbu xonalarda toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzini yuritish boʻyicha maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan shifokor va oʻrta tibbiyot xodimlari faoliyat yuritadi. Ular aholiga toʻgʻri ovqatlanish, sogʻlom turmush tarzi va jismoniy faollik masalalarida maslahatlar berib boradi.

Gʻulom PRIMOV,

Sirdaryo viloyat

Sogʻliqni saqlash boshqarmasi

matbuot xizmati xodimi.