Sirdaryoda sogʻliqni saqlash tizimining yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari boʻyicha tajriba-sinov loyihasini ishga tushirish uchun tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

Prezidentimizning tegishli Farmon va Qarorlariga muvofiq, davlat tibbiy sugʻurta tizimini 2021-yilning 1-iyulidan 2022-yilning oxiriga qadar Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov tariqasida aprobatsiyadan oʻtkazish boʻyicha soha xodimlariga muhim vazifa va topshiriqlarni bergan edi.

Shunga binoan, yurtimizda Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi tashkil etildi. Uning dastlabki boʻlimi Sirdaryoda ochildi. Qolaversa, yangi tizimini Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani hamda Guliston va Yangiyer shaharlarda joriy etish boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligi, Respublika Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi va Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi xodimlari tomonidan tegishli milliy va xalqaro tashkilotlar, ilm-fan muassasalari, malakali ekspertlar bilan hamkorlikda ishlar yoʻlga qoʻyildi.

Bugun davlat tibbiy sugʻurta tizimi va uni Sirdaryoda ishga tushirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Respublika Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi direktori Farrux Sharipov, Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hamda Jahon Sogʻliqni Saqlash tashkiloti mutaxassislari, davlat tibbiy sugʻurtasini Sirdaryoda ishga tushirish uchun ketadigan mablagʻlarni hisob kitob qilib moliyalashtirish maqsadida Moliya vaziri oʻrinbosari Jamshid Abruyev boshchiligidagi ishchi guruh viloyatga tashrif buyurishdi. Ularga Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi, tibbiyot fanlari doktori Rustam Yuldashev va tegishli soha xodimlari hamrohlik qilishdi.

Ular dastlab Boyovut tuman tibbiyot birlashmasida boʻlishdi. Davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini joriy qilish va aprobatsiyadan oʻtkazish ishlari bilan atroflicha tanishdi. Shundan soʻng Boyovut tumanini Istiqlol, Bobo yurt, Muqimiy, Markaziy mahalla, Ozodlik mahalla fuqarolar yigʻini aholisiga xizmat koʻrsatuvchi tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 1-sonli Oilaviy poliklinikada hamda Guliston shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli Koʻp tarmoqli oilaviy poliklinikada boʻlishib tayyorgarlik ishlari bilan atroflicha tanishishdi. Soha xodimlarini fikri va mulohazalarini tinglashdi.

Barcha savollarga shu joyning oʻzida javob berib, davlat tibbiyot sugʻurta tizimini ishga tushirish borasida olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish boʻyicha soha xodimlariga koʻrsatma va topshiriq berdi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.