Yil oxiriga qadar Sirdaryo viloyatidagi 6 ta tibbiyot muassasani oʻz ichiga olgan “Guliston tibbiyot klasteri” toʻla quvvatda ish boshlaydi.

Ushbu klasterga xorijiy davlatlarning eng ilgʻor klinikalari hamkor sifatida jalb qilinadi hamda murakkab va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarni oʻtkazish ishi yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, mamlakatimizda ilk bor tashkil etilayotgan ushbu klaster va boshqa tibbiyot muassasalarini zamonaviy kadrlar bilan taʼminlash maqsadida Guliston tibbiyot kolleji negizida Turkiyaning “Sogʻliq bilimlari universiteti” filiali tashkil etiladi.

Filialga qabul qilingan talabalar 3 yil Oʻzbekistonda, 3 yil Turkiyada taʼlim oladi. 30 foiz talabaga grant asosida oʻqish taqdim etiladi. Oʻqitish ishlari kunduzgi taʼlim shaklida, davlat va ingliz tillarida amalga oshiriladi.

Turkiyalik mehmonlar Sirdaryo viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev bilan uchrashib, kelgusida amalga oshirilishi koʻzda tutilgan ishlar, universiteti filialini ochish, uni ishga tushirish boʻyicha fikr almashdi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmati.

Maʼlumot oʻrnida: Turkiyaning “Sogʻliq bilimlari universiteti” filialini ochish, uni Sirdaryoda ishga tushirish masalasi “Yangi Oʻzbekistoning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022-yilda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da ham belgilab berilgan. Mazkur universitet Turkiyada tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha nufuzli davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Ayni vaqtda bu oliy dargohda 13 ta fakultet, 5 ta institut, 6 ta professional tibbiyot maktabi, 35 ga yaqin ilmiy markaz, 58 ta shifoxonalar mavjud.