Sirdaryo viloyat hokimligi rasmlari
Sirdaryo viloyatining 1959 nafar fermer xoʻjaligi gʻallakorlari 85,0 ming gektar maydonga gʻalla urugʻi ekib, barcha agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida puxta amalga oshirdilar. Uyushqoqlik bilan bajarilgan zarbdorona mehnatlari oʻz samarasini berdi. Yaʼni, 25 ish kunida zafar marrasi sharaf bilan egallandi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, fermer xoʻjaliklariga mineral oʻgʻitlar, yoqilgʻi moylash materiallari va zarur moddiy yordam bilan oʻz vaqtida taʼmin etilganligi katta samara berdi. Shuningdek, xarid narxlari mablagʻi gʻalla hosildorligiga qarab toʻlanishi ham davlat shartnomaviy rejalarining sharaf bilan uddalanishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Gʻalla hosilini yetishtirish va davlatga don sotish boʻyicha Mirzaobod, Boyovut va Sayxunobod tumanlari dehqonlari karvonboshilikni qoʻldan bermadilar. Natijada shartnomaviy rejani birinchilardan boʻlib ado etdilar.
Viloyat boʻyicha joriy yil 30-iyungacha davlatimiz gʻalla xirmoniga 153 978 tonna oʻrniga 154 028 tonna tovar don yetkazib berilib, gʻalla topshirish boʻyicha shartnomaviy reja 100,3 foizga bajarildi.
Yetishtirilgan hosilni nes — nobud qilmasdan oʻrib-yigʻib olish uchun viloyatdagi mavjud 340 ta kombayndan, 151 ta jangovar otryad shakllantirildi. Bu otryadlarga tuman hokimliklari, ichki ishlar boʻlimi, milliy gvardiya xodimlari va boshqa tegishli tashkilotlardan 1 540 nafar masʼullar hamda 1 247 ta yuk avtomobillari, 151 ta haydov texnikalari, 90 ta koʻchma ustaxonalar, 98 ta yonilgʻi tashish vositalari biriktirildi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.